Sanoat korxonalari boshqaruvida xalqaro tajriba qanday samara beradi?
Mamlakatimiz kimyo sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va korxonalarda zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda xalqaro standartlar asosida ishlash, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va zamonaviy konsalting yondashuvlaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni rivojlantirish maqsadida auditorlik, buxgalteriya hisobi, soliq, yuridik va konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi xalqaro kompaniyalardan biri “Ernst and Young Advisory” vakillari “Navoiyazot” AJda bo‘lib, jamiyat mutasaddilari bilan muhim masalalar yuzasidan muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, ish jarayonlari samaradorligini oshirish, moliyaviy hisobot va auditning xalqaro standartlarini amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, korxona faoliyatini yanada samarali tashkil etishda zamonaviy konsalting yondashuvlaridan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot jarayonida sanoat korxonalarida ilg‘or xalqaro tajribani qo‘llash, boshqaruv jarayonlarini zamonaviy talablar asosida transformatsiya qilish hamda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Tomonlar bu boradagi tajriba va ekspertlik salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, kelgusida mutaxassislar o‘rtasida tajriba va ekspertlik bilimlarini almashish, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash hamda istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
“O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud muloqotlarni izchil davom ettirish hamda belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA