«O‘zmilliybank» AJ Xitoyning CIPS tizimiga bevosita ulangan O‘zbekistondagi birinchi bank bo‘ldi
2026-yil 9-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududiga rasmiy tashrifi doirasida «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ («O‘zmilliybank» AJ) Xitoyning Transchegaraviy banklararo to‘lov tizimi operatori – CIPS Co., Ltd. kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish yuzasidan kelishuvni imzoladi.
Mazkur hujjat «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining 11-chi sammiti doirasida imzolandi. Unda ikki mamlakat davlat idoralari rahbarlari, yetakchi xalqaro moliya institutlari va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi. Shu tariqa, «O‘zmilliybank» AJ O‘zbekistonda CIPS tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan birinchi tijorat bankiga aylandi. Bu, o‘z navbatida, bankka yuanda zamonaviy transchegaraviy hisob-kitoblarni bevosita amalga oshirish imkonini beradi.

CIPS tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish yuandagi operatsiyalarni vositachi korrespondent banklarsiz amalga oshirish imkonini beradi (2025 yil yakunlariga ko‘ra, 130ta mamlakatdagi 1800dan ortiq moliya institutini birlashtirgan va operatsiyalar hajmi 180,2 trln yuandan oshgan).
Bu, o‘z navbatida, tashqi savdo shartnomalariga xizmat ko‘rsatishda to‘lovlarni tezlashtirish va xarajatlarni kamaytirishni ta’minlaydi, shuningdek, yuandagi operatsiyalar bazasini kengaytiradi. Ayni paytda «O‘zmilliybank» AJ tomonidan jalb qilingan yuandagi kredit liniyalari hajmi 11,5 mlrd yuandan (ekvivalenti 1,6 mlrd AQSH dollari) oshgan.
Tizimning bevosita ishtirokchisi maqomi «O‘zmilliybank» AJga kelgusida O‘zbekistonning boshqa tijorat banklari uchun CIPS orqali yuandagi to‘lovlarni amalga oshirishda hisob-kitob markazi sifatida faoliyat yuritish imkonini beradi. Bu esa mamlakat bank sektori uchun yuanda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob-kitoblarni amalga oshirish milliy kanalini shakllantirish, shuningdek, bankning Xitoy Xalq Respublikasi bilan transchegaraviy hisob-kitoblarning asosiy milliy xabi va infratuzilmaviy markazi sifatidagi rolini mustahkamlash imkonini yaratadi.
Mazkur yutuqlar O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining izchil siyosati hamda SHHTning yaqinda bo‘lib o‘tgan Sammiti yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi bo‘ldi. Strategik sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan mazkur kurs o‘zaro savdo hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishiga tayanadi. Xitoy O‘zbekiston Respublikasining asosiy savdo-iqtisodiy hamkori maqomini saqlab qolmoqda va ikki tomonlama tovar aylanmasini 30 mlrd AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha umumiy maqsad sari izchil harakat qilinmoqda.
Ma’lumot uchun:
1. «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ 1991-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik tizimli ahamiyatga ega bank hisoblanadi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, bank aktivlari 12 mlrd AQSH dollaridan oshdi, kredit portfeli 9,0 mlrd AQSH dollariga yetdi, jami kapitali 1,6 mlrd AQSH dollaridan oshdi, sof foydasi esa 160 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Bu respublika bank tizimidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.
2. CIPS (Cross-Border Interbank Payment System) transchegaraviy banklararo to‘lov tizimi Xitoy yuanidan xalqaro miqyosda foydalanishni kengaytirish maqsadida Xitoy Xalq banki tomonidan 2015 yilda ishga tushirilgan.
Moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi bo‘lgan SWIFTdan farqli o‘laroq, CIPS nafaqat xabarlar almashinuvini, balki yuanda kliring va hisob-kitoblarni ham ta’minlaydi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, tizim orqali 180,2 trln yuandan ortiq summada to‘lovlar amalga oshirilgan bo‘lib, uning ishtirokchilari 130dan ortiq mamlakatdagi 1800dan ziyod moliya institutini qamrab oladi.