Sanches Yevropaning yangi yulduziga aylandimi?
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches mamlakat ichida siyosiy bosim va korrupsiya mojarosi bilan yuzlashayotgan bo‘lsa-da, xalqaro maydonda tobora ta’sirchan siyosatchiga aylanmoqda. “Politico” nashri tahliliga ko‘ra, Eron urushiga qarshi qat’iy yondashuvi va Donald Tramp siyosatiga nisbatan ochiq tanqidi uning Yevropa miqyosidagi nufuzini sezilarli darajada oshirgan.
AQSH va Isroil fevral oyida boshlagan Eronga qarshi harbiy amaliyotni Sanches ochiqchasiga qoralagan Yevropa Ittifoqining, deyarli, yagona davlat yetakchisi bo‘ldi. U harbiy harakatni “noqonuniy tajovuz” sifatida ta’rifladi. Keyinchalik Madrid Amerika harbiy samolyotlariga ayrim cheklovlar joriy etishi Vashington bilan munosabatni yanada taranglashtirdi.
Tramp Ispaniyani “nodo‘stona davlat” deb atab, savdo munosabati qayta ko‘rib chiqilishi bilan tahdid qildi. Hatto mamlakatning NATOdagi o‘rni yuzasidan ham keskin bayonot berdi. Binobarin, aynan shunday bosim Sanchesning ko‘hna qit’adagi mavqeini mustahkamladi. Bryusseldagi aksar yetakchilar Ispaniya rahbarini qo‘llab-quvvatlab chiqdi va keyinchalik Eron bo‘yicha tanqidiy pozitsiya qabul qildi.
Kuzatuvchilar fikricha, Ispaniya rahbari uchun tashqi siyosat ichki siyosiy muammolardan diqqatni chalg‘itish vositasiga ham aylanmoqda. Hukumat parlamentda mustahkam ko‘pchilikka ega emas, bir necha korrupsiya ishi esa hokimiyatga bosimni kuchaytirmoqda. Shunga qaramay, xalqaro maydondagi faol qarash uning shaxsiy reytingiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Sanchesning siyosiy imiji shakllanishida Bosniyadagi faoliyati muhim o‘rin tutgani qayd etilmoqda. U o‘tgan asr 90-yillari oxirida xalqaro missiya tarkibida Sarayevoda ishlagan. O‘sha davr tajribasi unda ko‘p tomonlama hamkorlik, xalqaro va inson huquqiga sodiqlik tamoyilini mustahkamlagan.
Tahlilchilar baholashicha, Sanches hozir Yevropada liberal va markaz-so‘l siyosatning eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biriga aylangan. Uning Tramp bilan ochiqcha siyosiy qarama-qarshiligi nafaqat shaxsiy obro‘si, balki Ispaniyaning xalqaro nufuzi ko‘tarilishiga ham xizmat qilmoqda.
Darvoqe, siyosiy kelajak hanuz noaniq. Ichki mojaro va korrupsiya ayblovi hukumat uchun jiddiy sinov. Shunga qaramasdan, hozircha Sanches Yevropa siyosatida eng ko‘p muhokama qilinayotgan rahbarlardan biri bo‘lib turibdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA