San’atkor ham soliq to‘lashi kerakmi? – Jamiyatdagi bahsli savolga javob
Bugungi kunda mamlakatimiz soliq tizimida katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Xususan, “xufiyona iqtisodiyot”ga qarshi kurash choralari doirasida navbat san’at olami vakillariga keldi. Soliq qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan yangi tartibga ko‘ra, 2027-yildan boshlab san’atkorlardan daromad solig‘ini majburiy undirish tizimi to‘liq ishga tushiriladi. Bu masala jamiyatda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Oddiy ishchi-xizmatchilar ham o‘z daromadidan soliq to‘layotgan bir paytda, yuqori daromadli san’atkorlarning tizimdan tashqarida qolishi ijtimoiy tengsizlikni keltirib chiqaradi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ta’kidlashicha, bugungi kunda mamlakatda 18 milliondan ortiq daromad oluvchi shaxs bo‘lsa-da, san’atkorlarning aksariyati o‘z daromadlarini to‘liq deklaratsiya qilmayapti.
2025-2026-yillarni “moslashuv davri” sifatida taqdim etilgan. San’atkorlar, qo‘shiqchilar amaldagi tartib bo‘yicha deklaratsiya to‘ldirishi va o‘z daromadlarini ko‘rsatishi kerak. Shu asosda soliqqa tortilishi lozim. Ammo, Soliq qo‘mitasining ma’lumot berishicha, ko‘p san’atkorlar bunga rioya qilmayapti, o‘z daromadlarini to‘liq deklaratsiyalamayapti. Shu sabab ulardan soliq undirib bo‘lmayapti.

2027-yil 1-yanvardan boshlab san’atkorlar o‘z daromadlarini to‘liq ko‘rsatmasa yoki soliqlardan qochsa, soliq nazorati tekshiruvlari o‘tkazilib, soliqlarni hisoblash va undirish haqida qaror berildi. Bunda “Bir xizmat – bir to‘lov” tamoyili asosida har bir to‘y yoki tadbirni maxsus ilova orqali ro‘yxatdan o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Madaniyat vazirligi va soha vakillari soliq to‘lashga qarshi emas, biroq taklif etilayotgan masalalarga e’tiroz bildirishmoqda. Vazirlik Adliya vazirligiga kiritgan rasmiy e’tirozida bir qator nozik jihatlarni sanab o‘tdi. Misol uchun, san’atkorlarning daromadi bir xil emas. Mashhur yulduz bilan chekka qishloqdagi sozandani bir xil tarozi bilan o‘lchash adolatdan emas. Vazirlik soliqlarni toifalarga bo‘lgan holda belgilashni so‘ramoqda.
Bu masalada faqatgina daromad emas, xarajat masalasi ham mavjud. San’atkorlarning daromadi sof foyda emas. Qo‘shiq yozish, klip suratga olish, liboslar, litsenziya to‘lovlari va ijodiy jamoaning maoshi – bularning barchasi ijodkorning o‘z yonidan qoplanadi. Davlat tomonidan bu xarajatlar uchun subsidiya berilmasligini hisobga olsak, daromad solig‘i umumiy tushumdan emas, balki sof foydadan olinishi kerakligi talab qilinmoqda. Loyiha bo‘yicha, hatto bepul xizmat ko‘rsatilganda ham soliq undirilishi mumkinligi aytilgan. Bu esa ijodkorlar o‘rtasida tushunmovchilik keltirib chiqardi.
Muammo soliqning o‘zida emas, balki uning qanday undirilayotganidadir. Agar Madaniyat vazirligi taklif qilayotganidek, soliqlar tabaqalashtirilsa va ijodkorning sarf-xarajatlari inobatga olinsa, bu tizim o‘z samarasini beradi. San’atkor ham fuqaro sifatida jamiyat oldidagi mas’uliyatini his qilishi, davlat esa ijodkorning erkin faoliyat yuritishi uchun adolatli muhit yaratib berishi lozim.
Soliq tizimidagi ushbu islohot O‘zbekiston iqtisodiyotini shaffoflashtirish yo‘lidagi qadamdir. Biroq, bu jarayon “murosasizlik”ga aylanib qolmasligi lozim. Soliq to‘lash ularga nafaqat majburiyat, balki qo‘shimcha huquqiy imtiyozlar ham beradi. To‘liq deklaratsiya topshirgan ijodkor kelajakda ijtimoiy himoya, pensiya, bank kreditlari, qonuniy shartnomalar imkoniyatlaridan kengroq foydalana oladi.
Soliq har bir fuqaroning burchi, lekin u adolatli va oqilona bo‘lishi shart. San’atkorlardan soliq undirish masalasi faqatgina byudjetni to‘ldirish manbai emas, balki jamiyatda tenglikni ta’minlash vositasi sifatida qaralishi zarur.
Soliq qo‘mitasi Madaniyat vazirligi va ijodkorlar uyushmalari bilan birga har bir san’atkorning – klip, studiya, kiyim-kechak kabi moliyaviy xarajatlarni ham hisobga oluvchi, tabaqalashtirilgan stavkalarni ishlab chiqishi lozim. 2027-yilda boshlanuvchi yangi davr san’atni “soliq qafasi”ga solish uchun emas, balki uni zamonaviy va qonuniy iqtisodiyotga o‘tkazish uchun sarflanishi kerak. Zero, madaniyat rivojlanishi uchun ijodkor o‘zini nafaqat qonun oldida mas’ul, balki iqtisodiy jihatdan himoyalangan his etishi lozim.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA