San’at muzeyida ta’mirlash ishlari to‘xtatib qo‘yilganmi ?
O‘zbekiston davlat san’at muzeyi Markaziy Osiyodagi eng yirik san’at dargohlaridan biri bo‘lib, muzey fondida 100 mingdan ortiq asl va noyob eksponat saqlanadi.
Ushbu eksponatlar davlatimizning bebaho madaniy boyligi hisoblanadi. Mazkur muzey binosi ta’mirga muhtojligi sababli vaqtincha faoliyati to‘xtatilgan edi.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda muzey binosida ta’mirlash ishlari olib borilmayotgani yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Madaniy meros agentligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Qayd etilishicha, ayni paytda O‘zbekiston davlat san’at muzeyini zamonaviy talablarga moslashtirish, muzey ashyolarini saqlash sharoitlarini yaxshilash va bino infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha zarur tashkiliy va texnik ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan muzey binosini ta’mirlash-tiklash, elektr tarmoqlari, issiq va ichimlik suvi tizimlari hamda transformatorlarni yangilash bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan. Shuningdek, muzey binosida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 161 ta videokuzatuv kamerasi, 230 ta yong‘inni aniqlash detektori, 180 ta harakat datchigi hamda 50 ta xavf-xatar datchigi o‘rnatilgan.
Hozirda muzey binosida ta’mirlash-tiklash va modernizatsiya ishlarini amalga oshirish, shuningdek, muassasa faoliyatini qayta tiklash bilan bog‘liq tashkiliy hamda moliyalashtirish masalalari ustida ish olib borilmoqda. Muzeyning qayta ochilish muddati ta’mirlash-tiklash ishlari yakunlanishi va yangilangan ekspozitsiyaning tashkil etilishiga muvofiq belgilanadi. Muzey binosini ta’mirlash-tiklash, fond ashyolarini saqlash sharoitlarini yaxshilash va muassasa faoliyatini qayta tiklash jarayonining borishi yuzasidan jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumotlar Madaniy meros agentligining rasmiy axborot resurslari orqali taqdim etib boriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA