Kelajak posbonlari va’da berdi
Yoshlarda vatanparvarlik, mardlik va yuksak mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni elimizga munosib posbonlar etib tarbiyalash bugungi ta’lim va tarbiya tizimining muhim vazifalaridan biridir. Shu bois mamlakatimizda umumta’lim maktablari negizida tashkil etilayotgan "Jasorat maktablari" o‘zining harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishi, intizomi va sifatli ta’lim tizimi bilan yoshlar va ota-onalar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Buning amaliy ifodasi sifatida Toshkent viloyatining barcha hududlarida yangi qabul qilingan o‘quvchilar ishtirokida tantanali va’da berish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.
Hozirgi kunda viloyatning 22 ta umumta’lim maktabi negizida faoliyat yuritayotgan “Jasorat maktablari”da jami 1 144 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning teng yarmi – 572 nafari 5-sinfga yangi qabul qilingan bo‘lsa, qolgan 572 nafari 6-sinf o‘quvchilaridir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-2027 o‘quv yili uchun ajratilgan 572 ta o‘ringa 1 678 nafar nomzod hujjat topshirgan. Bir o‘ringa o‘rtacha 2,9 nafar talabgor to‘g‘ri kelgani ushbu ta’lim yo‘nalishiga bo‘lgan talab va qiziqish qanchalik yuqori ekanini ayon etadi. Sinovlar ikki bosqichda umumta’lim fanlari bo‘yicha test hamda jismoniy tayyorgarlik me’yorlari asosida shaffof o‘tkazildi.
Vatanga muhabbat va fidoyilik tuyg‘ularini mujassam etgan tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, hokimliklar mas’ullari, nuroniylar va ota-onalar ishtirok etmoqda. O‘quvchilar davlat bayrog‘i ostida vataniga munosib farzand bo‘lish, zarur bilimlarni egallash, intizomga rioya qilish va yurt tinchligini avaylashga tantanali ravishda va’da bermoqda.

Xususan, Nurafshon shahridagi Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga biriktirilgan 26-sonli umumta’lim maktabi hamda Bekobod shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabining “Jasorat” sinflarida marosimlar yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirlar doirasida o‘quvchilar o‘zlarining saf tayyorgarligi va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi mahoratlarini namoyish etdi, faol o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Zamonaviy “Jasorat” sinflari yosh avlod qalbida burchga sadoqat va mardlik fazilatlarini mustahkamlab, kelajakda el-yurt xizmatida turadigan munosib posbonlarni tarbiyalashga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri