“Samarqanddan Peterburggacha” kreativ-turistik yo‘lagi loyihasini ishga tushirish taklif etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda.
–Hamkorligimizning gumanitar asosi sifatida turizmni alohida ko‘rsatib o‘tishni istar edim. Ushbu tarmoq ishonch iqtisodiyotini hammadan ko‘ra yaxshiroq shakllantiradi.
Odamlar O‘zbekistonga kelar ekan, nafaqat tarixiy yodgorlik va shaharlarni, balki madaniyatni, mehmondo‘stlik, ishbilarmonlik muhiti va biznes uchun imkoniyatlarni ham ko‘radi. 2025-yilda mamlakatimizda qariyb bir million rossiyalik mehmon bo‘ldi, bu yil esa biz yanada ko‘proq sayyohni qabul qilishga tayyormiz.
Buning uchun nafaqat turistik infratuzilmani, balki kreativ iqtisodiyotni ham rivojlantiryapmiz. 2030-yilga borib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5 foizni tashkil etadi. Bu esa ushbu ijodiy sohani iqtisodiy o‘sishning drayverlaridan biriga aylantiradi, – dedi davlatimiz rahbari.
Hamkorlikning madaniy-gumanitar yo‘nalishini mustahkamlash maqsadida “Samarqanddan Peterburggacha” kreativ-turistik yo‘lagi loyihasini ishga tushirish taklif etildi. Ushbu tashabbus san’at va kino festivallari, muzey ko‘rgazmalari, gastronomiya haftaliklari va musiqiy tadbirlarni birgalikda tashkil etishni nazarda tutadi.
Kecha Mariinskiy teatri va “Ermitaj” davlat muzeyida O‘zbekiston madaniyati va san’atiga doir loyihalar boshlandi.
O‘zA