Samarqandda 2 ta besh yulduzli, 19 ta to‘rt yulduzli mehmonxona bor
Bu haqda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining sessiyasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot bergan viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – turizm boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobilov ma’lum qildi.
Hokim o‘rinbosarining aytishicha, turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli tizimli ishlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida viloyatga 3,4 million nafardan ortiq xorijiy va 4,7 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Yil boshidan buyon 2800 o‘rinli 85 ta joylashtirish vositalari (mehmonxona, mehmon uyi, xostel) tashkil etilib, ularning soni 934 taga (o‘rin soni 23,5 mingta) yetkazildi. Birgina, Imom Buxoriy majmuasi hududida 1240 o‘rinli 24 ta zamonaviy mehmonxona ish boshladi. Bir paytlar faqatgina shaharlar va ayrim tumanlardagi joylashtirish vositalari bo‘lgani holda ayni paytda viloyatning tuman va shaharlarda mehmonxona va mehmon uylari ishlab turibdi.
Viloyatdagi mehmonxonalarning 2 tasi besh yulduzli, 19 tasi to‘rt yulduzli mehmonxona hisoblanadi. Yil yakuniga qadar yulduzli mehmonxonalar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Umuman, yilning qolgan davrida viloyatda 2700 o‘ringa mo‘ljallangan 141 ta joylashtirish vositalari, jumladan 9 ta mehmonxona, 36 ta xostel, 96 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri