Kimlar havo yo‘llari, temir yo‘l hamda shaharlararo yo‘lovchi transporti xizmatlaridan chegirma asosida foydalanishi mumkin?
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ichki turizmni yanada ommalashtirishga qaratilgan muhim yangilik joriy etilmoqda.
Yangi tartib nafaqat transport xizmatlaridan foydalanishni yengillashtiradi, balki mamlakatning tarixiy, madaniy va tabiiy maskanlariga sayohat qilish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Endilikda 11 toifaga mansub fuqarolar ( I va II guruh urush nogironlari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar, yolg‘iz keksalar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq bepul yoki chegirmali transport xizmatidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shu kabi fuqarolar) havo yo‘llari, temir yo‘l hamda shaharlararo yo‘lovchi transporti xizmatlaridan bepul yoki 50 foizlik chegirma asosida foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tizimning eng muhim jihati - imtiyozlardan foydalanish jarayonining to‘liq raqamlashtirilishi. Qog‘oz talonlar amaliyoti bekor qilinib, fuqarolarning imtiyozga egaligi ID-karta yoki biometrik pasport orqali “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida avtomatik tarzda tasdiqlanadi. Bu esa ortiqcha hujjatbozlikni bartaraf etish, xizmat ko‘rsatish jarayonini tezlashtirish va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ushbu yangilik ichki turizmni rivojlantirish nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Imtiyozli transport xizmatlari tufayli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj fuqarolar Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Farg‘ona vodiysi kabi tarixiy shaharlar, shuningdek, tog‘li va dam olish hududlariga yanada qulay sharoitda safar qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mutaxassislarning fikricha, aholining sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish nafaqat fuqarolarning madaniy meros bilan yaqindan tanishishiga, balki ichki turizm bozorining faollashishiga, hududlardagi xizmat ko‘rsatish sohasi rivojiga va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yana bir muhim yangilik sifatida, 2027-yildan boshlab imtiyozli chiptalarni “Baraka” ijtimoiy kartasi mobil ilovasi orqali onlayn xarid qilish imkoniyatini joriy etish rejalashtirilgan. Bu raqamli yechim transport xizmatlaridan foydalanishni yanada soddalashtirib, davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayonining mantiqiy davomi bo‘ladi.
Shu tariqa, transport sohasida joriy etilayotgan zamonaviy raqamli mexanizmlar aholi uchun qulayliklarni oshirish bilan birga, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, mamlakatning turizm salohiyatidan yanada samarali foydalanish va ichki turizmni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA