Samarqandda 1000 nafar og‘ir toifadagi bemor davlat tomonidan davolanadi
Davlatimiz rahbarining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini muhofaza qilish va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu ishlarga yanada keng yo‘l ochdi.
Mazkur qaror ijrosi doirasida Samarqand viloyatida ham keng qamrovli amaliy ishlar boshlab yuborildi. Xususan, davolanishga muhtoj bolalar, onkogematologik xastaliklarga chalingan bemorlar hamda transplantatsiyaga ehtiyoji bor fuqarolarni yuqori texnologik tibbiy muolajalar asosida sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
– Viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash tizimi va ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari hamkorligida shahar va tumanlarda ehtiyojmand fuqarolar xatlovdan o‘tkazildi – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyev. – Xatlov natijasida 1026 nafar fuqaroni, jumladan, bolalar, onkogematologik kasallar va transplantatsiyaga muhtoj aholini davolash rejalashtirildi. Jumladan, davolanishi belgilangan 764 nafar bemor boladan 600 nafariga “Vaqf” xayriya jamoat fondi, sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan taqdim etilgan vaucherlar topshirildi. Shu paytgacha, onkologik kasalliklarga chalingan 250 nafar bemordan 60 nafariga vaucherlar tarqatildi. Ularning 20 nafari davolanish uchun shifoxonalarga yotqizildi. Gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan 14 nafar bemorning barchasiga vaucherlar berilgan bo‘lib, 3 nafari statsionar davolanishga qabul qilindi.
Transplantatsiya amaliyotlari bo‘yicha ham muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1 nafar bola va 14 nafar katta yoshli bemorda jigar transplantatsiyasi, 5 nafar bola va 19 nafar katta yoshli bemor esa buyrak transplantatsiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha 6 nafar bemorga vaucherlar topshirilib, ularni shifoxonalarga joylashtirish ishlari boshlangan.
– Qizim tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgandi, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Farxunda Hamidova. – U hozir besh yoshda. Shifokorlar bolamning sog‘ayib ketishi uchun murakkab va nozik kardioxirurgik operatsiya o‘tkazish zarurligini aytishgandi. Lekin shu paytgacha buning uchun mablag‘ to‘play olmadik. Qurbon hayiti arafasida mas’ullar xonadonimizga kelib, bolamni davlat tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobidan operatsiya qilishlari haqida vaucher berishdi. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdormiz, xalqimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘lsinlar!
Rejalashtirilgan murakkab jarrohlik va davolash ishlari Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarida amalga oshiriladi.
G‘.Hasanov, O‘zA