Samarqand yosh parlament a’zolarini bir maydonga chorlamoqda
Shu yilning 4–6-sentabr kunlari qadimiy va hamisha navqiron shaharda Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasida so‘zlagan nutqida yoshlar masalalariga alohida to‘xtalib, yoshlarni milliy parlamentlar hamda Ittifoq faoliyatiga faol jalb etish zarurligini ta’kidlagan holda O‘zbekistonda Yosh parlament a’zolarining konferensiyasini o‘tkazish taklifini bildirgan edi. Ushbu taklif Parlamentlararo ittifoq a’zolari bo‘lgan 180 dan ortiq davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 2025-yil oktabr oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 151-assambleyasi doirasida Oliy Majlis Senati Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasini 2026-yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risida bitim imzoladi.
“Tahlikali davrda barcha uchun shaxsiy huquq, adolat va qadr-qimmatni tiklash” mavzusiga bag‘ishlangan anjumanda 183 mamlakat, 15 ta xalqaro tashkilot hamda qariyb 50 nafar doimiy kuzatuvchi hamda 300 ga yaqin delegat ishtirok etishi kutilmoqda. Konferensiya dasturidan oltita sessiya o‘rin olgan bo‘lib, ularda zamonaviy dunyoda yoshlarning maqomi va huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
– Anjuman yosh parlament a’zolarining global muloqoti, tajriba almashinuvi va demokratik jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati Shohrux Jo‘raqulov. – Dunyo aholisining qariyb yarmi 30 yoshdan kichik bo‘lgan bir paytda, parlament deputatlarining atigi 2,8 foizi 30 yosh yoki undan kichik. Bundan tashqari, dunyodagi parlament palatalarining 37,1 foizida 30 yoshgacha bo‘lgan birorta ham deputat yo‘q. Demak, muammo faqat yoshlarning siyosatga qiziqishida emas. Muammo ularning siyosiy qarorlar qabul qilish institutlarida yetarlicha vakillikka ega emasligida. Parlamentlararo ittifoq yosh parlament a’zolari ishtirokini kengaytirish uchun 2013-yilda Yosh parlament a’zolari forumini tashkil qilgan. Asosiy maqsad – yoshlarning parlamentlardagi ishtirokini kuchaytirish, yosh deputatlarni parlament ishida to‘laqonli ishtirok etishga jalb qilish va yoshlar nuqtai nazarini global siyosiy qarorlar jarayoniga olib kirishdan iborat.
Konferensiya dasturida yoshlar huquqlarini himoya qilish, qurolli mojarolar va raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari, yoshlarning siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, bandlik, shuningdek, yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish kabi masalalarga bag‘ishlangan oltita tematik sessiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bu mavzular mamlakatimiz yoshlari uchun ham begona emas. Masalan, raqamli texnologiyalar bir tomondan yoshlarga ulkan imkoniyatlar ochsa, ikkinchi tomondan shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, kiberxavfsizlik va raqamli huquqlar kabi yangi masalalarni kun tartibiga chiqarmoqda. Yoshlar bandligi masalasi esa dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida dolzarb.
Bu Samarqandda muhokama qilinadigan masalalar faqat xalqaro siyosatchilarning mavzusi emas, millionlab yoshlarning kundalik hayotiga daxldorligidan dalolat beradi.
Samarqand konferensiyasi dasturida kichik guruhlarda muhokamalar, interaktiv sessiyalar va amaliy mashg‘ulotlar ham ko‘zda tutilgan. Tadbir yakunida yosh parlament a’zolarining tavsiyalarini o‘z ichiga olgan yakuniy hujjat qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Konferensiya bilan bir vaqtda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlikka bag‘ishlangan III global forum ham o‘tkaziladi.
Samarqand bir necha kun davomida nafaqat yosh siyosatchilar, balki barqaror taraqqiyot, inson huquqlari va parlamentlararo hamkorlik masalalari muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanadi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri