Samarqand viloyatining olis va chekka hududlarida tadbirkorlik faoliyati uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Samarqand viloyatining olis va chekka hududlari manzilli rivojlantiriladi, tadbirkorlik faoliyati uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratiladi, mavjud zaxira imkoniyatlari ishga solinib yuqori iqtisodiy o‘sish ta’minlanadi. Aholi daromadlari va turmush darajasi oshiriladi, yul-transport infratuzilmasi rivojlantiriladi, ijtimoiy ob’ektlar holati yaxshilanadi va qurilish ishlari jadallashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yilda Samarqand viloyatining:
a) Narpay, Paxtachi, Pastdarg‘om tumanlarida va Kattaqo‘rg‘on shahrida ishsizlik darajasi 4-3 foizgacha va kambag‘allik darajasi 2,5-2 foizgacha tushiriladi;
b) Ishtixon, Narpay, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Paxtachi, Toyloq va Qo‘shrabot tumanlarida eksport hajmi o‘rtacha 20 foizga oshiriladi;
v) Samarqand shahri, Nurobod va Samarqand tumanlarida joylashtirish vositalari soni 850 taga va ulardagi o‘rinlar soni 20 mingtaga, turizm xizmatlari hajmi 750 million AQSH dollariga yetkaziladi;
g) Bulung‘ur, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Nurobod, Payariq, Paxtachi, Urgut va Qo‘shrabot tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida bozor xizmatlari
Bulung‘ur, Narpay, Oqdaryo tumanlari bo‘yicha 2026-yil 30-iyunga qadar:
a) Misrdan 250 ming dona kartoshka mini-tuganagini olib kelib, Bulung‘ur tumanida ko‘paytirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi;
b) Niderlandiyadan 4 ming tonna urug‘lik uchun kartoshka olib kelib, fermer xo‘jaliklariga ustamasiz yetkazib beriladi.
2026-yil 1-avgustga qadar Oqdaryo tumanida 100 gektar yer maydonida mini-tuganak ekib, olingan 4 ming tonna super-super elita kartoshka urug‘i belgilangan tartibda dehqonlarga bepul tarqatiladi.
Bulung‘ur tumanida Xitoy Xalq Respublikasidagi hamkorlar bilan birgalikda qiymati 50 million AQSH dollariga teng bo‘lgan yiliga 100 ming bosh ishlab chiqarish quvvatiga ega naslchilik korxonasi ishga tushiriladi.
Oqdaryo, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida niderlandiyalik investorlar bilan hamkorlikda 20 million AQSH dollari qiymatidagi yillik ishlab chiqarish quvvati 800 ming dona naslli jo‘ja yetishtiruvchi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bir oy muddatda Narpay tumanining 100 gektar yer maydonida yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan sanoat zonasini tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Unga ko‘ra 2026-2028-yillarda Samarqand viloyatida:
a) sanoat zonasi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun Yaponiyaning 10 ta yirik kompaniyalari jalb qilinadi;
b) jami 500 million AQSH dollari qiymatidagi, shundan "O‘zsanoatqurilishbank" AJ 200 million AQSH dollari, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi 200 million AQSH dollari hamda "O‘zeltexsanoat" uyushmasi 100 million AQSH dollari qiymatidagi loyihalar amalga oshiriladi.
Bir oy muddatda Narpay tumani hududidan o‘tgan Narpay kanali bo‘yidagi 2 kilometr hududda xizmat ko‘rsatish va aholi dam olish maskanlarini tashkil etish uchun yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.
Qarorga muvofiq, bir oy muddatda Narpay tumanida qulupnaychilik maktabi tashkil etiladi.
Qulupnaychilik maktabi aholini o‘z tomorqalaridan samarali foydalanish, serdaromad ekin turlarini yetishtirish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini o‘rgatishga ixtisoslashgan markaz sifatida faoliyat yuritadi.
Uch oy muddatda 5 million AQSH dollari miqdoridagi xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan 2026-2027-yillarda viloyatning 25 ta mahallasidagi 3 mingta xonadonni qulupnaychilikka ixtisoslashtirish choralari ko‘riladi.
O‘zA