Samarqand marafonida tört karra Olimpiada, olti marta jahon çempionligiga erişgan sportçi qatnaşadi
Joriy yilning 7-8-noyabr kunlari Samarqandda ötkaziladigan “Samarkand Marathon Series 2026” marafonida tört karra Olimpiya va olti marta jahon çempionligiga erişgan britaniyalik Mo Fara musobaqa ambassadori, yaʼni rasmiy vakil sifatida iştirok etadi.
Töliq ismi Muhammad Muktar Jama Fara bölgan afsonaviy yengil atletikaçi Olimpiya öyinlari, jahon çempionatlaridagi ğalabalari bilan bir qatorda faoliyati davomida köplab marafonlarda, Yevropa çempionatlarida, xalqaro turnirlarda rekordlar qayd etgan.
Özbekiston Respublikasi Madaniyat va sanʼatni rivojlantiriş jamğarmasi, Turizm qömitasi va Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida taşkil etilayotgan marafon dasturiga köra, Mo Fara 7-noyabr kuni “Samarkand Marathon Series 2026” asosiy sahnasida iştirokçilarni qutlaydi.
60 dan ziyod davlatlardan eng mahoratli marafonçilar iştirok etadigan bu galgi “Samarkand Marathon Series 2026”ning 8-noyabr kungi marafon masofasiga start beriş vazifasi ham aynan Mo Faraga taqdim etilişi rejalaştirilmoqda.
Şuningdek, kelib çiqişi şarqiy afrikalik bölgan afsonaviy sportçi Samarqand marafonida ğolib va sovrindorlikka erişganlarni taqdirlaş marosimlarida iştirok etadi.
Eslatib ötamiz, 2019-yildan beri taşkil etib kelinayotgan bu yilgi “Samarkand Marathon Series” musobaqasida sportçilar 2, 5, 10, 21,1 va 42,2 kilometr masofalarda raqobatlaşadi.
Tölqin Röziyev, ÖzA