Samarqand konferensiyasi: murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida
Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi davom etmoqda. “Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida” mavzusida o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro anjumanda dunyoning 60 ga yaqin mamlakatidan yosh parlament a’zolari, 11 xalqaro tashkilot vakillaridan iborat 250 ga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda.
Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yoshlarning jamiyat va davlat hayotidagi faol ishtirokini kengaytirish, ularning parlament faoliyatidagi rolini kuchaytirish, yosh avlod vakillari o‘rtasida global muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Bugungi kunda dunyo tobora murakkab va ziddiyatli geosiyosiy jarayonlarni boshdan kechirayotgan bir sharoitda yoshlarning siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, inson qadr-qimmati va ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash masalalari xalqaro hamjamiyatning muhim kun tartibiga chiqmoqda.
Shu jihatdan mazkur konferensiya yosh avlod ovozini xalqaro parlament muloqotiga olib kirish, ularning global muammolar yechimiga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda yosh parlament a’zolari o‘rtasida tajriba almashinuvini kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Tadbirda Oliy Majlis Senat Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda yoshlarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilayotgan e’tibor xorijiy parlamentlar a’zolari tomonidan ham alohida e’tirof etilayotganini alohida ta’kidladi. Xususan, yangilangan Konstitutsiya, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi va boshqa strategik hujjatlarda yoshlar manfaatlari ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov yoshlar masalasiga qaratilayotgan e’tiborning ahamiyati haqida to‘xtaldi. Prezidentimiz aytganlaridek, yoshlarga imkoniyat berishning eng yuqori ko‘rinishi ularning o‘zlari qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishidir. Shu maqsadda parlament faoliyatida ham yoshlar bilan ishlashning institutsional mexanizmlari joriy etildi.
Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson yoshlarning ovozi xalqaro miqyosda muhim qarorlarni qabul qilish jarayonlarida tobora katta ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, turli mamlakatlardan kelgan yosh parlament a’zolarining o‘zaro muloqoti, tajriba almashinuvi va hamkorligi bugungi global muammolarni hal qilishga yangi yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Global konferensiya doirasida inson huquqlari va yoshlarning siyosiy ishtiroki, ijtimoiy adolat, raqamli xavfsizlik, ta’lim va munosib mehnat, yosh ayollarning siyosiy faolligi, shuningdek, parlamentlarning global muammolarni hal etishdagi roli kabi qator muhim masalalar muhokama qilinmoqda.
Muloqot davomida yosh parlament a’zolari zamonaviy dunyodagi dolzarb muammolar yuzasidan o‘z fikr va tashabbuslarini bildiradi hamda inson huquqlari va qadr-qimmatini ta’minlash, tinchlik va adolat tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, barqaror taraqqiyotga erishish masalalari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashadi.
Tadbir yakunida yosh parlament a’zolarining taklif va tashabbuslarini o‘zida aks ettirgan global konferensiyaning yakuniy hujjati qabul qilinishi nazarda kutilmoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA