Samarqand – jahon triatlon markaziga aylandi
Keyingi yillarda mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlarini aholi o‘rtasida ommalashtirish va mahoratli sportchilarni aniqlash maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalar muntazam tashkil etilmoqda.


Jumladan, triatlon ham bugun yoshlar o‘rtasida ommalashayotgan sport turlaridan. 1995-yilda mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” jamiyati tuzilmasida triatlon bo‘linma sifatida tashkil etilgan. Oradan uzoq yillar o‘tib, 2019-yil 3-may kuni O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi tashkil etildi.
Federatsiyaning tashkil etilishi esa mamlakatimizda havaskor va professional triatlonchilar paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Bugungi kunga kelib Traitlon federatsiyasi tomonidan ushbu sport turi ommaviyligini yanada oshirish, uni targ‘ib qilish, yoshlarni unga qiziqtirish borasida bir qator nufuzli musobaqalar, sport tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. Mazkur tadbirlarda esa jahon miqyosidagi professional sportchilar ishtirok etib, mamlakatimiz havaskor sportchilarining mahoratini oshirishga hissa qo‘shmoqda.


Ana shunday musobaqalardan biri Samarqand shahrida o‘tkazildi. Aniqrog‘i, triatlon bo‘yicha jahon seriyasi bosqichi hamda paratriatlon bo‘yicha Jahon kubogi musobaqalarining o‘tkazilishi mamlakatimiz sport hayotida ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy voqea sifatida baholandi. Mazkur nufuzli musobaqalar O‘zbekistonda triatlon sport turining rivojlanishida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Ilk bor yurtimizda “World Triathlon Championship Series” bosqichining o‘tkazilishi xalqaro sport jamoatchiligining O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolatdir. Musobaqalarda ishtirok etish, hakamlik qilish va tashkiliy jarayonlarda qatnashish uchun 44 dan ortiq davlatdan sportchi, murabbiy va rasmiylar Samarqandga tashrif buyurdi.


Darhaqiqat, Samarqand bugungi kunda jahon triatlonining muhim markazlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Zamonaviy infratuzilmaga ega qadimiy va hamisha navqiron ushbu shaharda aprel oyi so‘nggi kunlarida mazkur sport turi bo‘yicha o‘tgan ikki yirik musobaqa sabab, Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a birinchiliklari sovrindorlari, milliy federatsiyalar vakillari, hakamlar, volontyorlar hamda minglab sport muxlislari jam bo‘ldi.
Jahon seriyasi doirasida sportchilar suzish bo‘yicha 1,5 kilometr, velobosqichda 40 kilometr va yugurishda 10 kilometr masofada raqobatlashdi. Ushbu masofada jami yuz nafarga yaqin atlet ishtirok etdi. E’tiborlisi, mazkur bahslarda olimpiada ishtirokchilari va dunyo reytingida eng yuqori pog‘onani egallab turgan spotrchilar – Lisa Tersch, Beth Potter, Kassandre Beaugrand, Miguel Hidalgo, Vasko Vilaja va boshqa mahoratli atletlar qatnashdi.


“Silk Road Samarkand” xalqaro turistik markazida o‘tgan “World Triathlon Championship Series – 2026” musobaqasining erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarida Vashku Vilasa (Portugaliya) g‘olib bo‘ldi. Henri Graf, (Germaniya) va Sharl Pake (Kanada) kuchli uchlikdan joy oldi. Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Buyuk Britaniya vakili Bet Potter, fransiyalik Leoni Perio va lyuksemburglik Jann Lehayr shohsupaga ko‘tarildi.
Quvonarlisi, ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston vakili Jeremi Kindos ham ishtirok etib, yuqori natija qayd etdi va mamlakat sharafini munosib himoya qildi.


Shuningdek, “World Triathlon Para Cup” musobaqalari doirasida paratriatlon bo‘yicha bellashuvlar ham o‘tkazildi. Unda jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar (PTS2–PTS5), aravada harakatlanuvchi sportchilar (PTWC) hamda ko‘rish qobiliyati cheklangan atletlar (PTVI) o‘z gidlari bilan sprint masofasida – 750 metr suzish, 19 kilometr velosiped, 5 kilometr yugurishda kuch sinashdi.
Ushbu bellashuvlarda hamyurtimiz Rustamjon Satiboldiyev PTS2 toifasida, Shohsanam Sobirjonova esa PTS5 tasnifida bronza medalini qo‘lga kirtidi. Shuningdek, vakillarimizdan Kamolaxon Axmatxonova, Mashhurbek Abdusamatov va Baxtiyor Murtazoyev kabi paratriatlonchilarimiz ham musobaqada faol ishtirok etdi.


Sportchilarimizning bu kabi muvaffaqiyati davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasidagi ishlar samarasidir.
Darvoqe, jahon seriyasi doirasida triatlon bo‘yicha Ochiq O‘zbekiston chempionati hamda Milliy chempionatning o‘tkazilishi musobaqaning ahamiyatini yanada oshirdi. Unda havaskor sportchilar, milliy terma jamoa a’zolari va asosiy tarkibga nomzodlar qatnashdi.

Mazkur yirik sport tadbirining yuqori saviyada tashkil etilishi mamlakatimizda sportga qaratilayotgan ulkan e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi. So‘nggi yillarda yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarni qabul qilish, sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqanddagi mazkur start ana shu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Umuman olganda, Samarqandda o‘tkazilgan triatlon bo‘yicha “World Triathlon Championship Series – 2026” va paratriatlon “World Triathlon Para Cup – 2026” musobaqalari O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzini yanada oshirdi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA