Samarqand global konferensiyasi: yoshlarning iqtisodiy huquqlari, zo‘ravonlikka barham berish va ochiq muloqot
Samarqandda o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoq (PI) Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi birinchi ish kunida uchta sessiya tashkil etilib, unda yoshlar huquqlari, raqamli makon va iqlim o‘zgarishi masalalari muhokama qilindi. Xalqaro tadbirning ikkinchi ish kunida yana uchta sessiya tashkil etildi.
“Noaniq kelajak sharoitida yoshlarning iqtisodiy huquqlari va bandligini ta’minlash” mavzusidagi sessiyada iqtisodiy o‘zgarishlar va mehnat bozoridagi yangi talablar yoshlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratish, adolatli mehnat sharoitlarini ta’minlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirishni talab etayotgani qayd etildi.
Taqdimotlarda yoshlarning munosib mehnat qilish huquqini ta’minlash, adolatli ish haqi va ijtimoiy himoyadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Parlamentlarning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi roli ko‘rib chiqildi. Xususan, munosib mehnat, tengsizlikni qisqartirish va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida parlamentlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Muhokama yakunida yoshlarning iqtisodiy huquqlarini himoya qilish, bandligini ta’minlash va ular uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.

“Xotin-qizlar va yoshlarning siyosiy huquqlarini ta’minlash hamda ularga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish” mavzusidagi sessiyada gender tenglik, yoshlarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtiroki va vakillik organlarida ularning ovozini kuchaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
PI tomonidan tayyorlangan yoshlarning milliy parlamentlardagi ishtirokiga bag‘ishlangan so‘nggi hisobot taqdimoti o‘tkazildi. Siyosiy jarayonlarda teng ishtirok etish imkoniyati demokratik jamiyatning muhim ko‘rsatkichlaridan biri ekani qayd etildi. Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning siyosiy qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki ularning manfaatlarini samarali himoya qilish, jamiyatda inklyuzivlikni ta’minlash va zamonaviy tahdidlarga mos qarorlar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xotin-qizlar va yoshlarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatni shakllantirish, jabrlanganlarni himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish va huquqiy kafolatlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba yuzasidan fikr almashildi.
Sessiya yakunida yoshlar va xotin-qizlarning siyosiy huquqlarini to‘liq ta’minlash, ularning parlamentlar va boshqa vakillik organlarida munosib ishtirokini rag‘batlantirish hamda zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha samarali choralarni kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Trening va erkin konferensiya shaklida parallel sessiyalar tashkil etildi.
WYDE treningida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va unga barham berish, ushbu yo‘nalishda samarali siyosat va qonunchilik mexanizmlarini takomillashtirish, parlamentlarning roli hamda manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Erkin konferensiya shaklida parlamentlar vakillari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida ishchi guruhlar faoliyati tashkil etildi. Mavzulari tanlangan yosh parlament a’zolari ushbu guruhlarda sessiya moderatorlari sifatida ishtirok etib, muhokamani boshqarib bordi.
Bunday ochiq muloqot maydoni yosh parlament a’zolariga o‘z mamlakatlari va parlamentlaridagi tajribalarni o‘zaro muhokama qilish, yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, umumiy yechimlarni ishlab chiqish imkonini berdi.
N.Abduraimova,
A.Isroilov (surat),
O‘zA