Samarali hamkorlik mintaqada ekologik xavflarni boshqarish imkonini beradi
Munosabat
Markaziy Osiyo davlatlari azal-azaldan yaqin qo‘shnichilik, madaniy yaqinlik asosida shakllangan tarixiy makonda joylashgan. Shu bois, bu mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar faqatgina siyosiy yoki iqtisodiy emas, balki chuqur sivilizatsion ildizlarga ega.
Markaziy Osiyo davlatlari uchun suv resurslarining taqsimoti, iqlim o‘zgarishlari, cho‘llanish jarayonlari va bioxilma-xillikni saqlash kabi vazifalar azaliy umumiy masala bo‘lib kelgan. Mintaqamizda iqlim masalasi endi alohida bir soha muammosi sifatida emas, balki butun taraqqiyot modelini belgilab beruvchi asosdir.
So‘nggi yillarda suv resurslarining qisqarishi, haroratning oshishi va yerlarning degradatsiyasi iqtisodiy o‘sish sur’atlari hamda aholi farovonligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Joriy yil 22-aprel kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy ekologik sammitda davlat rahbarlari tomonidan bu kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Sammit “Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh” g‘oyasi asosida tashkil etildi. Ushbu yondashuv shundan iboratki, ekologik tahdidlar tabiati jihatidan transchegaraviy bo‘lib, ularni bartaraf etish yakka tartibda emas, balki muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilishi zarur. Masalan, Turkmanistonning Qoraqum cho‘lida ko‘tarilgan qum va chang Xorazm, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyati hududigacha yetib kelishi mumkin. Shuningdek, Navoiy viloyatidagi Qizilqum cho‘lidan shamol ta’sirida havoga ko‘tarilgan qumli bo‘ronlar Qozog‘istonning janubiy qismi, Turkmanistonning shimoliy va sharqiy hududlari hamda Qirg‘izistonning g‘arbiy qismigacha tarqalishi kuzatiladi. Bu holat ekologik barqarorlikni ta’minlashda mintaqaviy hamkorlik juda muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Qozog‘iston mezbonligida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy ekologik sammit Samarqand iqlim forumida boshlangan muloqotning mantiqiy davomi bo‘lib, Markaziy Osiyoda ekologik diplomatiya mazmunan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatdi.
Prezidentimizning sammitdagi nutqi chuqur tahlillarga asoslangan va aniq amaliy takliflarga boy bo‘lgani bilan alohida ajralib turdi. Jumladan, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda harorat o‘sishi jahon o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan ikki barobar tez kechayotganini alohida ta’kidladi. So‘nggi o‘n yilliklarda muzliklar sezilarli qisqarib, bu esa daryolar oqimiga va suv ta’minotiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgani ham aytib o‘tildi. O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida yer maydonlarining 80 million gektari degradatsiyaga uchragani agrar sektor va oziq-ovqat xavfsizligi uchun jiddiy signal sifatida qaralishi lozimligiga urg‘u berdi.
Suv resurslari masalasi esa alohida tahlil qilindi. Unga ko‘ra, 2040-yilga borib Orol dengizi havzasida suv taqchilligi qariyb ikki barobarga oshib, yiliga 20 milliard kub metrga yetishi mumkin. Bu raqamlar ortida iqtisodiy va ijtimoiy xavflar turibdi, masalan, ichimlik suvi ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, energetika tizimi va aholi bandligiga bo‘ladigan ta’sir.
Ayni shunday sharoitda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar alohida misol sifatida keltirildi. Qisqa vaqt ichida sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani, irrigatsiya tarmoqlarining 40 foizgacha betonlashtirilgani sohada tizimli yondashuv shakllanganini ko‘rsatadi. Eng muhim natija esa har yili 10 milliard kub metrdan ortiq suv tejalayotgani aytib o‘tildi. Bu hajmni 2030-yilgacha 15 milliard kub metrga yetkazish rejasi qo‘yilgan.
Davlatimiz yetakchisi sammit doirasida ilgari surgan yondashuvlar faqat texnik choralar emas, albatta. Prezident tomonidan ta’kidlangan “suv madaniyati” tushunchasi bu boradagi eng muhim g‘oyalardan biri bo‘ldi. Muammoning yechimi insonning kundalik odatlarida ekaniga urg‘u berildi. Agar suvdan foydalanish madaniyati o‘zgarmasa, eng ilg‘or texnologiyalar ham cheklangan natija beradi. Shu bois, ta’lim tizimi, qonunchilik va jamoatchilik nazorati uyg‘unlashgan holda ishlashi kerakligi alohida qayd etildi.
Sammitda ilgari surilgan tashabbuslar esa amaliyotga qaratilgani bilan ajralib turdi. Darhaqiqat, bugun O‘zbekiston ekologik barqarorlikka erishish, atrof-muhit muhofazasini ta’minlash borasida quruq taklif va g‘oya bermayapti. Aksincha, o‘z tajribasida amalga oshirgan, natija bergan, xalq tilida aytganda esa “ishlagan” aniq misollarni mintaqada joriy etishni taklif etmoqda. Bu esa yangi yondashuvlarni ishlab chiqish va uzoq muddatli sinovlar o‘tkazishga ketadigan vaqt va resurslarni qisqartirish imkonini beradi.
Masalan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda Orol dengizi qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mintaqaning o‘xshash tabiiy-iqlim sharoitiga ega hududlarida ham tatbiq etilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
“Markaziy Osiyoning toza havosi” konsorsiumini tashkil etish taklifi sanoatni modernizatsiya qilish, havoga chiqarilayotgan zararli moddalarni qisqartirish va aholi salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi. Bu yerda ekologik siyosatning ijtimoiy o‘lchami aniq ko‘rinib turibdi.
O‘zbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish tashabbusi esa ilmiy salohiyatni birlashtirishni nazarda tutadi. Bu qarorlar qabul qilinish jarayonida ilmiy asoslarni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, “yashil savdo yo‘lagi”ni shakllantirish, yagona investitsiya portfelini yaratish, mintaqaviy ekologik atlas ishlab chiqish, “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni tayyorlash kabi tashabbuslar hamkorlikni institutsional darajaga olib chiqadi. Bu yerda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozim.
Bugun mamlakatimizda ekologik kun tartibi iqtisodiy manfaatlar bilan uyg‘unlashib bo‘ldi. Buni mintaqa davlatlariga ham namuna sifatida ko‘rsatish va amalga oshirish zarurati turibdi. Chunki davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, iqlim o‘zgarishiga eng kam hissa qo‘shgan mamlakatlar uning eng og‘ir oqibatlarini boshidan kechirmoqda. Shu nuqtai nazardan, xalqaro moliya, texnologiya va innovatsiyalarga teng va to‘siqsiz kirish imkoniyatini ta’minlash masalasi Markaziy Osiyo uchun muhim.
Shuningdek, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida Orol dengizi havzasiga oid masalalar kun tartibining markazida bo‘ldi. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish, uning institutsional imkoniyatlarini kengaytirish va moliyalashtirish mexanizmlarini mustahkamlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Bu esa mintaqada suv-energetika va ekologik muammolarni kompleks tarzda hal qilishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yo‘nalish mintaqaviy tashabbuslarni global kun tartibiga olib chiqishdir. Masalan, davlatimiz rahbarining 2026 – 2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish taklifi bu sohada uzoq muddatli strategiya shakllantirishga qaratilgan. Shuningdek, Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro forumlar mintaqaning global ekologik jarayonlardagi o‘rnini kuchaytiradi.
Ekologik partiya nuqtai nazaridan qaraganda, mazkur sammitni burilish nuqtasi sifatida baholash uchun asoslar yetarli. Eng asosiysi, ekologik muammolarga munosabat o‘zgaryapti. Ular faqat cheklov yoki xavf sifatida emas, balki yangi imkoniyatlar manbai sifatida ko‘rilmoqda. Bu esa “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish orqali barqaror o‘sishga erishish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, Ostona sammitida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan takliflar Markaziy Osiyoda ekologik siyosatning yangi bosqichini boshlab berishga zamin hozirlamoqda. Endi mintaqa global muammolar ta’sirida qoluvchi emas, balki aniq yechim taklif qilayotgan hudud sifatida namoyon bo‘lyapti.
Keyingi bosqich esa, qabul qilingan qarorlarning amalda qanday ishlashiga bog‘liq. Chunki bugungi yondashuvlar ertangi iqtisodiy barqarorlik va aholi farovonligini belgilab beradi.
Abdushukur HAMZAEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari.
O‘zA