Saksovullarning noqonuniy kesilishi cho‘l ekotizimiga katta zarar yetkazadi
Cho‘l bag‘rida o‘sadigan saksovul — tabiatning bebaho boyligi. U qumlar ko‘chishini kamaytiradi, tuproqni mustahkamlaydi, cho‘l ekotizimidagi ekologik muvozanatni saqlashga xizmat qiladi. Biroq, bu tabiiy boylikka nisbatan bepisand munosabat, uni noqonuniy kesish va tashish atrof-muhitga zarar yetkazadi. Buxoro viloyatida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida aniqlangan ikki holat ham bu boradagi mas’uliyatni yana bir bor eslatadi.
Buxoro viloyati Romitan tumani Ekologiya bo‘limi hamda Buxoro davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan reyd davomida Gazli shahrining cho‘l hududidan saksovulni noqonuniy ravishda terib, davlat raqam belgisisiz GAZ-53 rusumli yuk avtomashinasida olib ketayotgan fuqarolar to‘xtatildi. Aniqlanishicha, ular Peshku tumanida yashovchi fuqarolar bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismi bilan 33 million so‘m jarima qo‘llanildi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 25 million so‘m etib belgilandi.
Saksovulni noqonuniy kesish bilan bog‘liq yana bir holat Olot tumanida aniqlandi. Tuman Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘limi davlat inspektorlari o‘tkazgan reyd davomida “Qirtay” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro N.N. o‘ziga tegishli UAZ rusumli avtomashinasida saksovulni noqonuniy kesib olib ketayotgan vaqtda to‘xtatildi.
Ushbu huquqbuzarlik yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Tabiatga yetkazilgan zarar 15 million 400 ming so‘m etib belgilandi. Tuman sudi tomonidan esa fuqaroga 8 million 800 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Ikki holatda tabiatga yetkazilgan zararning umumiy miqdori 40 million 400 ming so‘mni tashkil etadi. Biroq masalaning mohiyatini faqat pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Saksovulning noqonuniy kesilishi cho‘l ekotizimining muhim tarkibiy qismiga zarar yetkazadi. Qumlarning ko‘chishini cheklash va tuproqni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadigan bu o‘simlikni asrash ekologik barqarorlik uchun zarur.
Tabiatni muhofaza qilish faqat nazorat tadbirlari o‘tkazish yoki huquqbuzarlarga jarima qo‘llash bilangina cheklanmaydi. Bu avvalo, har bir insonning ekologik madaniyati, qonunlarga hurmati va tabiiy boyliklarga mas’uliyatli munosabati bilan bog‘liq. Zero, tabiat bizga berilgan omonat. Uni asrash, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish bugungi kunning ham, kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatimizning ham muhim talabidir. Buni unutishga esa aslo haqqimiz yo‘q.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri