Chilonzorda profilaktika ishlari natijasida jinoyatchilik kamaymoqda
25-oktabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Bu sana xalqimizning osoyishtaligi yo‘lida kunni tunga, tunni tongga ulab xizmat qilayotgan fidoyi xodimlarning kasb bayrami.
Bunday sanalar shunchaki bayram qilinmaydi, balki soha xodimlarining xizmat davomida erishayotgan yutuqlari tilga olinadi, sarhisob qilinadi.
Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ichki ishlar organlari xodimlari izchil ishlarni amalga oshirdi.
– Qaror ijrosi doirasida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va aholi muammolarini manzilli hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda, – deydi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova. – Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 21 foizga, ushbu toifadagi og‘ir jinoyatlar esa 34 foizga kamaydi.
Tumanda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish, profilaktika inspektorlari faoliyatini raqamlashtirish, aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish va ijtimoiy profilaktika mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, profilaktika inspektorlarining ortiqcha hujjatbozlik bilan bog‘liq vazifalari qisqartirilib, ma’muriy ish materiallarini sudga elektron shaklda yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu esa xodimlarning asosiy vaqtini mahallalardagi kriminogen vaziyatni o‘rganish, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolar bilan manzilli ishlashga yo‘naltirish imkonini kengaytirdi.

Tungi vaqtda jamoat tartibini saqlash choralari kuchaytirilib, patrullik yo‘nalishlariga Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari jalb etildi. Aholi va profilaktika inspektorlari o‘rtasidagi tezkor muloqotni ta’minlash maqsadida «Mening inspektorim» mobil ilovasidan foydalanish ko‘lami kengaytirildi.
Profilaktika ishlarida ijtimoiy yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Endilikda huquqbuzarliklarning oldini olish faqat nazorat tadbirlari bilan cheklanib qolmayapti. Aholining ijtimoiy muammolarini aniqlash, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash, oilaviy nizolarni bartaraf etish va yordamga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash ham profilaktika ishlarining muhim qismiga aylangan.
Jumladan, mahallalarda olib borilgan manzilli ishlar natijasida o‘nlab nizoli oilalarda murosa ta’minlanib, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga tibbiy va moddiy yordam ko‘rsatish, voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ham tegishli choralar ko‘rildi.
Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar ham ijtimoiy profilaktikaning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. «Mahalla yettiligi» va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, ularni doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.
Joriy yilning to‘qqiz oyida 5,8 mingdan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlanib, tumanda ishsizlik darajasi 3,1 foizgacha pasaydi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirishda zamonaviy texnik vositalardan foydalanish ham kengaytirilmoqda. Xonadonlar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini texnik qo‘riqlovga olish, fuqarolarning mobil telefonlariga tezkor tashvish tugmasi ilovalarini o‘rnatish orqali xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.
Xonadonbay o‘rganishlar davomida aholini qiynayotgan kommunal va ijtimoiy muammolar aniqlanib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Aholi murojaatlari bilan ishlashda ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, «Xalq nazorati» platformasi orqali kelib tushgan 5,5 mingdan ortiq murojaatning 91 foizi ijobiy hal etilgan.
Profilaktika inspektorlari va aholi o‘rtasidagi hamkorlikning kuchayishi, murojaatlarni joyida ko‘rib chiqish amaliyotining kengayishi fuqarolarning «102» xizmatiga murojaatlari kamayishi bilan ham bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. To‘qqiz oylik natijalarga ko‘ra, mazkur xizmatga kelib tushgan murojaatlar soni 15,7 foizga qisqargan.
Umuman, Chilonzor tumanida amalga oshirilayotgan ishlar jamoat xavfsizligini ta’minlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla tuzilmalari va ijtimoiy soha vakillarining o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatmoqda.
Eng muhimi, profilaktika ishlarida huquqbuzarlik sodir etilganidan keyin chora ko‘rishdan ko‘ra, uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishga e’tibor kuchaytirildi. Bu esa mahallalarda osoyishtalikni mustahkamlash, aholining xavfsizlikka bo‘lgan ishonchini oshirish va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA