Sahrodagi moviy mo‘’jiza
FOTOREPORTAJ
Sahro bag‘ridagi keng va sokin suvlik... Atrofni qamrab olgan qumliklar, ko‘lning moviy tusi va sohil bo‘ylab eshitilayotgan to‘lqinlar ovozi Aydarko‘l manzarasiga o‘ziga xos joziba bag‘ishlaydi.
Aydarko‘l tabiati yilning har bir faslida o‘zgacha qiyofa kasb etadi. Bir tomonda cheksiz sahro, bir tomonda esa ko‘z ilg‘amas masofaga cho‘zilgan suvlik. Ana shu uyg‘unlik maskanni nafaqat tabiat ixlosmandlari, balki sayohatchilar uchun ham qiziqarli yo‘nalishlardan biriga aylantirgan.
Ko‘l atrofida o‘ziga xos ekotizim shakllangan. Suv havzasida turli baliq turlari uchraydi. Suv qushlari uchun ham bu hudud qulay maskan hisoblanadi. Ilk yillarda bu yerga qishlash uchun kelgan qushlarning ayrim turlari endilikda yil davomida Aydarko‘l atrofida uchraydi.
Sahro va suvlik tutashgan bu hududda tabiatning turfa manzaralarini kuzatish mumkin. Qumloq sohillar, siyrak o‘simliklar, suv yuzidagi qushlar va uzoqqa cho‘zilgan ko‘l manzarasi Aydarko‘lning betakror qiyofasini namoyon etadi.
[gallery-31354]
Aydarko‘l suvining tarkibi ham ko‘lning turli qismlarida bir xil emas. G‘arb tomonga borgan sari suvning sho‘rlik darajasi ortib boradi. Sharqiy qismida esa minerallashuv darajasi nisbatan past bo‘lib, suvdagi biologik hayot uchun qulay muhit shakllangan.
Bugun Aydarko‘l nafaqat noyob tabiat maskani, balki sayyohlar uchun ham jozibador hududga aylanib bormoqda. Navoiy viloyati Nurota tumani hududida ko‘l atrofida 10 dan ortiq dam olish maskani faoliyat yuritmoqda. Bu yerlarda oilaviy hordiq chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Tabiat qo‘ynida dam olish, sahro manzaralarini tomosha qilish va ko‘lning betakror muhitini his etish istagidagi mahalliy aholi bilan bir qatorda xorijiy sayyohlar ham Aydarko‘lga tashrif buyurmoqda.
Sahro bag‘ridagi bu moviy maskanning o‘ziga xosligi ham shunda — u sokinligi bilan insonni o‘ziga chorlaydi, tabiati bilan esa xotirada uzoq saqlanadi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA