Rossiya Ukraina uçun NATO kafolatini rad etdi
Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari xabar berişiça, Rossiya taşqi işlar vaziri örinbosari Sergey Ryabkov Ukrainaga NATO uslubidagi xavfsizlik kafolati beriş ğoyasiga qarşi çiqqan.
Mulozim taʼkidlaşiça, Kiyevning Ğarb harbiy alyansiga har qanday şakldagi “kvazi aʼzoligi”, yaʼni rasman aʼzo bölmagan holda, ayrim imtiyozlardan foydalanişi Moskva uçun mutlaqo qabul qilib bölmaydigan holat. Ryabkov bu bayonotni Berlindagi sammitdan bir kun ötib berdi. Mazkur yiğilişda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaning NATOga aʼzoligi masalasini qayta körib çiqiş zarurligini aytgan.
Tinçlik muzokarasidagi AQŞ vakili Jared Kuşner esa tadbirda hamkasbi Stiv Uitkoff bilan birga RF tomonini Ukraina uçun beriladigan har qanday xavfsizlik kafolati NATO nizomi 5-moddasiga asoslanişiga işontirganini maʼlum qilgan. Yaʼni, alyansning bir aʼzosiga uyuştirilgan hujum butun ittifoqqa hujum sifatida baholanadi va boşqa aʼzolar şu mamlakatga yordam körsatişi lozim.
“Interfaks” agentligi keltirgan iqtibosga köra, Ryabkov 5-moddaga asoslangan kafolat haqidagi savolga javob berar ekan, Ukrainaning NATOga kvazi aʼzoligi yoki bu borada qandaydir “kreativ yeçim” izlaş Rossiya uçun nomaqbul ekanini taʼkidlagan. Yaʼni, Moskva xavfsizlik kafolati masalasini birinçi navbatda milliy xavfsizligini taʼminlaş nuqtai nazaridan körib çiqadi. Qolaversa, Kiyevning NATOga qöşilmasligi haqidagi talab qatʼiy ravişda tan olingandan keyingina mazkur masala muhokama qilinişi mumkin.
TIV rahbari örinbosari Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya vakillarining Moskvaga ehtimoliy taşrifi böyiça iş olib borilayotganini tasdiqladi. Avvalroq Prezident Vladimir Putin Rossiya tomoni Yevropa vakillarini Ukraina böyiça tinçlik muzokarasiga yondaşuvini aniqlab oliş uçun Moskvaga taklif qilgan edi. Taʼkidlanişiça, keyingi muloqot şakli mazkur uçraşuvdan söng belgilanişi mumkin.
F.Yaxşiboyeva, ÖzA