Rossiya iqtisodiyoti susaymoqda: Sberbank rahbari ogohlantirdi (+video)
Rossiya iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari haddan tashqari pasaygan. Davlat iqtisodiy o‘sish va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash siyosatini kuchaytirishi kerak. Bu fikrni Rossiyaning Sberbank prezidenti va boshqaruv raisi German Gref jurnalistlar bilan suhbatda bildirdi, deb xabar qildi DW nashri.
«Bugun bu holat allaqachon aniq bo‘lib qoldi. Albatta, ayrim tushunchalarga qanday ma’no yuklashimizga qarab, atamalarda farq bo‘lishi mumkin. Markaziy bank esa vaziyatni asta-sekin sovish deb baholamoqda, biz esa buni iqtisodiyotning sovishi, hatto haddan tashqari sekinlashishi deb ataymiz. Bugungi raqamlar hammasini ko‘rsatib turibdi», — dedi Gref.
U o‘z bahosini bir nechta iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan izohladi. Jumladan, 2026-yil yozida biznes muhiti indikatori sezilarli yomonlashgan, shuningdek, ishsizlik, iste’mol va asosiy kapitalga investitsiyalar bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarda ham salbiy tendensiyalar kuzatilgan.
Grefning ta’kidlashicha, 2026-yilning birinchi yarmida Rossiya iqtisodiyoti atigi 0,6 foizga o‘sgan. Bu Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, iqtisodiyot normal sharoitda o‘sishi mumkin bo‘lgan 1,5–2 foizlik ko‘rsatkichdan ancha past. Uning fikricha, iqtisodiyotdagi vaziyatning yaxshilanishi faqat bozordagi foiz stavkalari sezilarli pasaygandan keyin boshlanishi mumkin.
«Bozordagi foiz stavkalari me’yorlashib, 10–12 foiz oralig‘iga tushmaguncha, vaziyatda jiddiy burilishni ko‘rmaymiz. Bugun, menimcha, barcha makroiqtisodiy sharoitlarga e’tibor qaratishi kerak. Biznesga yordam zarur», — dedi u.
Shuningdek, iqtisodchilar ham rubl kelajakda zaifroq bo‘ladi, degan prognozni bildirmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qkC5Xjfwkwc" title="Rossiya iqtisodiyoti susaymoqda: Sberbank rahbari ogohlantirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA