Rokki Detomo: “GEOMIN-2026” global foydali qazilmalar hamjamiyatini birlashtirmoqda
Bugungi kunda foydali qazilmalarga bo‘lgan global talabning ortishi yangi konlarni izlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va sohada xalqaro hamkorlikni kuchaytirishni taqozo etadi. Shu bois turli mamlakatlar, geologik xizmatlar, ilmiy muassasalar va xususiy sektor o‘rtasida tajriba hamda texnologiya almashinuvi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu jarayonlar, xususan, foydali qazilmalarni qidirishda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari Toshkentda o‘tkazilayotgan “GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasida ham keng muhokama qilinmoqda. Xalqaro geofiziklar jamiyati (SEG) prezidenti Rokki Detomo konferensiyaning ahamiyati, sohada zamonaviy texnologiyalarning o‘rni va hamkorlik istiqbollari haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
–“GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish va Toshkentda mutaxassislarni bir joyga jamlash men uchun katta sharaf. O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga ushbu muhim tadbirni tashkil etishdagi hamkorligi uchun minnatdorlik bildiraman.
Bugun biz foydali qazilmalarni qidirish, geofanlar va texnologiyalarni rivojlantirish, energetika hamda global resurslar xavfsizligi bilan bog‘liq muhim masalalarni muhokama qildik. “GEOMIN”ning asosiy maqsadi ham ana shu yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassis va tashkilotlarni birlashtirishdan iborat.
Tadbirda konchilik kompaniyalari, geologik xizmatlar, texnologik innovatsiyalar yaratuvchilari, geoma’lumotlar bo‘yicha mutaxassislar, asbob-uskunalar yetkazib beruvchilar va kasbiy jamiyatlar vakillari ishtirok etmoqda. Bunday keng qamrov sohadagi muammolarni birgalikda hal qilish zarurligini ko‘rsatadi. Chunki hech bir mamlakat yoki tashkilot bugungi resurslar bilan bog‘liq masalalarga yakka holda javob bera olmaydi.
Muhim foydali qazilmalar dunyoning turli hududlarida joylashgan. Ularni aniqlash, baholash va o‘zlashtirish uchun esa turli mamlakatlar tajribasi, ilmiy salohiyati va zamonaviy texnologiyalarini birlashtirish zarur. Shu jihatdan, “GEOMIN-2026” bilim, ma’lumot va ilg‘or yechimlar almashiladigan muhim xalqaro maydon vazifasini bajaradi.
Dunyoda resurslar xavfsizligi masalasi tobora dolzarblashib bormoqda. Elektrlashtirish, qayta tiklanadigan energiya, ilg‘or ishlab chiqarish va barqaror ta’minot zanjirlarining rivoji muhim foydali qazilmalarga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Shu bois geologiya va geofizika sohasidagi ilmiy-texnik salohiyat ham strategik ahamiyat kasb etyapti.
Bu jarayonda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning imkoniyatlari alohida ahamiyatga ega. Ular qidiruv ishlarida katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, yangi qonuniyatlarni aniqlash va qaror qabul qilish samaradorligini oshirish imkonini beradi. Biroq texnologiyalar geofan mutaxassislarining o‘rnini bosmaydi, balki ularning imkoniyatlarini kengaytiradi. Shu sababli, “GEOMIN-2026”ning “Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya orqali geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish” mavzusi juda dolzarb.
O‘tgan yili “GEOMIN” Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkazilib, unda 38 mamlakatdan 550 dan ortiq ishtirokchi va 150 dan ziyod tashkilot vakillari qatnashdi. Bu tadbir xalqaro miqyosda foydali qazilmalarga yo‘naltirilgan geofanlar platformasiga ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “GEOMIN-2026” ushbu tashabbusning mantiqiy davomidir. Bu muloqot foydali qazilmalarga boy mamlakatlar va mintaqalarni global tajriba bilan bog‘lab, yangi professional aloqalar va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston bunday muloqot uchun munosib maydon, deb hisoblayman. Mamlakat katta geologik salohiyatga ega. Shu bilan birga, foydali qazilmalar sektorini modernizatsiya va raqamlashtirish, texnologiyalar hamda kadrlar tayyorlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning strategik chorrahasida joylashgani ham uning ahamiyatini yanada oshiradi.
“GEOMIN-2026” dasturining kengayishi konferensiyaga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi. Sessiyalar bilan bir qatorda sun’iy intellekt laboratoriyalari, xakaton, geologik xizmatlar davra suhbati, dala tadbirlari va boshqa amaliy yo‘nalishlar tashkil etilyapti.
Ishonchim komilki, bugungi muloqotlar yangi g‘oyalar, ilmiy-texnologik yechimlar va uzoq muddatli xalqaro hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.