Fransiyaning IT kompaniyasi O‘zbekistonda ish boshlaydimi?
Parijda o‘tkazilgan Xalqaro kosmik sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari Bobur Xodjayev hamda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “LINAGORA” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Aleksandr Zapolskiy bilan uchrashdi.
“LINAGORA” 2000-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh ofisi Fransiyaning Issi-le-Mulino shahrida joylashgan. Kompaniyada qariyb 200 nafar xodim ishlaydi. U Fransiyadan tashqari Tunis, Vetnam va Kanadada ham faoliyat yuritadi.
Kompaniya davlat va xususiy sektor uchun ochiq manbali dasturiy mahsulotlar, raqamli xizmatlar va sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqadi.
Muloqotda kompaniyaning dasturiy ta’minot ishlab chiqarish jarayonining bir qismini O‘zbekistonga ofshoring qilish imkoniyati muhokama qilindi. Ya’ni, kompaniya ayrim dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va xizmat ko‘rsatish ishlarini O‘zbekistondagi jamoa orqali amalga oshirishi mumkin.
Bunda O‘zbekistonning malakali IT mutaxassislari, nisbatan maqbul xarajatlar va IT kompaniyalar uchun yaratilgan ekotizim muhim omil sifatida qayd etildi. IT Park vakillari kompaniyaga O‘zbekistondagi kadrlar salohiyati, xarajatlar tuzilmasi va rezident kompaniyalar uchun mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, “LINAGORA”ning IT Park rezidenti sifatida olishi mumkin bo‘lgan imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralari tushuntirildi.
Uchrashuvda mahalliy IT kompaniyalari yaratayotgan raqamli yechimlar haqida ham fikr almashildi. Bu mahsulotlarni Yevropa bozoridagi buyurtmachilarga taklif qilish va O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan IT yechimlarining eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Hamkorlik faqat dasturiy ta’minot ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmaydi. IT Park va “LINAGORA” raqamli suverenitet yo‘nalishida ham birgalikda ishlash imkoniyatlarini muhokama qildi. Xususan, kompaniyaning “Twake”, “LinShare” va “OSSA” kabi yechimlarini O‘zbekistonning davlat va xususiy sektorida joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Sun’iy intellekt masalasi ham muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. “LINAGORA”ning “OpenLLM Europe” loyihasi va uning doirasida ishlab chiqilgan “LUCIE” sun’iy intellekt modeli bo‘yicha tajribasi muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va bu yo‘nalishda “LINAGORA” bilan hamkorlik qilish istiqbollarini o‘rganishga kelishib olindi.
Nigora Rahmonova, O‘zA