Robot operatsiyasi – tibbiyotda yangi bosqich
Samarqand shahrida tibbiyotda zamonaviy texnologiyalar, robotlashtirilgan jarrohlik va innovatsion yondashuvlarga bag‘ishlangan robotik onkoxirurgiya xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston, Hindiston, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlardan kelgan tibbiyot mutaxassislari, jarrohlar, onkologlar hamda tibbiy ta’lim vakillari ishtirok etgan anjumanda robotlashtirilgan jarrohlikning bugungi imkoniyatlari va uni amaliyotga keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev mazkur yo‘nalishda viloyatdagi davolash muassasalarida yo‘lga qo‘yilgan tizim va zamonaviy yondashuvlar, tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng forumda robotik gastrektomiya, robot-assistentlangan kolorektal va ginekologik jarrohlik, urologik onkologiya, kichik chanoq a’zolarida operatsiyalardan keyingi asoratlarni profilaktika qilish, to‘qimalar regeneratsiyasi, patologik anatomiya va zamonaviy davolash usullariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Xalqaro anjumanning muhim jihatlaridan biri Samarqand shahridagi xususiy davolash muassasasida amalga oshirilayotgan jarrohlik amaliyotining mutaxassislar ishtirokida onlayn translyatsiya qilinishi bo‘ldi. Bu orqali ishtirokchilar zamonaviy robot texnologiyalardan foydalangan holda bajarilayotgan operatsiya jarayonlarini kuzatish va mutaxassislar bilan muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri