Ustoz mehnati — ta’lim natijasida namoyon
Guliston tumanida ta’lim sohasida samarali mehnat qilayotgan ustoz va murabbiylarning kasb bayrami munosabati bilan ularga ehtirom ko‘rsatildi. «Ozoda» tantanalar saroyida o‘tkazilgan tadbirda pedagoglarning fidokorona mehnati e’tirof etilib, faol ustozlarga esdalik va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tadbirda tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev, umumta’lim maktablari direktorlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari, faxriy o‘qituvchilar, xalq ta’limi faxriylari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tuman hokimi ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ta’lim sifati, yosh avlod tarbiyasi va ularning kelajakda munosib o‘rin egallashida pedagoglarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

Bugun Guliston tumanida 33 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida 13 mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularda 1200 dan ortiq pedagog faoliyat yuritmoqda. O‘quvchilarning qiziqishi va qobiliyatini rivojlantirish maqsadida maktablarda 900 dan ziyod to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, ularga qariyb 12 ming nafar o‘quvchi jalb qilingan.

To‘garaklar fan, ijod, musiqa, sport, IT va kitobxonlik yo‘nalishlarini qamrab olgan. Bu esa ta’lim jarayonini darslar bilan cheklab qolmasdan, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va iqtidorini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Tumanda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 3–7 yoshli 7721 nafar bolaning aksariyati maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Davlat tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat va oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ining kengayishi qamrov ko‘rsatkichlarini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Ta’lim sifati, avvalo, pedagogning salohiyati va mahoratiga bog‘liq. Shu bois tumanda o‘qituvchi va rahbarlarning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Qator umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari menejerlik kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan.
Maktablarda zamonaviy ta’lim talablariga mos sharoit yaratish bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Terakzor mahallasidagi 32-sonli maktab hududida yangi sport zali qurilmoqda. 6- va 27-sonli maktablar hamda Ahillik mahallasidagi 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham qurilish ishlari olib borilmoqda.
Ustozlarning mehnati esa munosib e’tirof etilmoqda. Joriy yilda 5-sonli maktabning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Xabiba Hazratqulova «Xalq ta’limi fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, 1-sonli maktabning musiqa fani o‘qituvchisi Elyor Mingjigitov , 2-sonli maktabning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Akmaljon Abduvaxobov , 7-sonli maktabning fizika fani o‘qituvchisi Nurilloxon To‘rayev , 8-sonli maktabning tarix fani o‘qituvchisi Dostonbek Avazbekov hamda 31-sonli maktabning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Umida Xusanboyevalar «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lishdi.

1-sonli umumta’lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Sayyora Eshbekova esa «Yil o‘qituvchisi» tanlovining respublika bosqichida faxrli o‘rinni egalladi.
Bu natijalar zamirida har kuni sinf xonasiga kirib, o‘quvchiga bilim berish bilan birga uning qobiliyatini kashf etish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va kelajakka ishonchini mustahkamlashga intilayotgan ustozlarning mashaqqatli mehnati mujassam.

Bayram tadbirida ana shunday fidoyi pedagoglar, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari, faxriy ustozlar hamda ta’lim sohasida namuna ko‘rsatayotgan xodimlar munosib rag‘batlantirildi.

Tadbirning badiiy qismida viloyat va tuman san’atkorlari, xonanda va sozandalar hamda raqs jamoalari ishtirok etib, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Ustoz va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tadbir ta’lim sohasida mehnat qilayotgan insonlarga bildirilgan hurmat va e’tiborning yana bir ifodasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri