Respublika ekologik tanlovining barcha sovrinli o‘rinlarini jizzaxlik o‘quvchilar egalladi
Jizzax shahridagi 3- va 19-maktablar o‘quvchilari “Bog‘ingni yarat” Respublika tanlovida birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi. Qozog‘iston Respublikasidan ham o‘quvchilar qatnashgan mazkur bellashuvdagi bu natija shahar maktablari jamoalarining muvaffaqiyatini namoyon etdi. Tanlov yakunida ishtirokchilar maktab hududiga 100 tup daraxt ko‘chati ekdi.
Jizzax shahridagi 3-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbir “Salomatlik yo‘nalishlari” ta’lim dasturi doirasida tashkil etilgan ekologik tanlovning yakuniy bosqichi bo‘ldi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Respublika ta’lim markazi hamda «Nestlé» kompaniyasi hamkorligida amalga oshirildi. Musobaqa mamlakatning turli hududlaridan 400 nafardan ortiq ishtirokchini birlashtirdi.
Tanlovning bosh maqsadi bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni mustahkamlash va atrof-muhitni asrashga qaratilgan tashabbuslarni rag‘batlantirishdan iborat. Ishtirokchilar pedagoglar ko‘magida inson va tabiat munosabatlarini yorituvchi plakatlar tayyorladi. Ularning ishlari maxsus saytga joylashtirildi. G‘oliblar hakamlar hay’ati bahosi va tomoshabinlar ovozi orqali aniqlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Jizzax shahridagi 3-sonli umumta’lim maktabining 3-“A” sinfi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu maktabning 3-“B” sinfi ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Shahardagi 19-sonli umumta’lim maktabining 3-“A” sinfi esa uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, tanlov laureatlari va tomoshabinlar e’tirofi nominatsiyasi g‘oliblari ham taqdirlandi. G‘oliblarga diplomlar, esdalik sovg‘alari va maktab hududida ekish uchun ko‘chatlar berildi.
Bu natijalar bolalarning ijodiy yondashuvi bilan birga, ekologik mavzularni ta’lim jarayonida amaliy tarzda yoritish muhimligini ham ko‘rsatadi. Tanlovda o‘quvchilar tabiatni muhofaza qilish g‘oyalarini plakatlarda ifodalash bilan cheklanmay, yakuniy tadbirda ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ham qatnashdi.
[gallery-32273]
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi – matbuot kotibi Lola Rahmanbayeva ekologik tarbiyada amaliy ishtirok muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, bolalarga tabiatni asrash zarurligini tushuntirishning o‘zi kifoya qilmaydi. Ularni ekologik tashabbuslarga jalb etish va harakatlari natijasini ko‘rsatish ham muhim.
“Bog‘ingni yarat” tanlovi “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturining amaliy davomi hisoblanadi. “Nestlé for Healthier Kids2 global tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda. U bolalarda sog‘lom turmush tarzi va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.
“Nestlé” kompaniyasining Yevroosiyo mintaqasi bo‘yicha ichki kommunikatsiyalar menejeri– Yuliya Ledak bolalar salomatligiga kompleks yondashish muhimligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, foydali odatlarni shakllantirishda maktab va oila hamkorligi alohida o‘rin tutadi. Ota-onalarning ta’limiy tashabbuslarda ishtirok etishi sog‘lom hayot va tabiatga g‘amxo‘rlikni oilaviy qadriyatga aylantirishga yordam beradi.
Taqdirlash marosimidan so‘ng o‘quvchilar, pedagoglar, ota-onalar va mehmonlar maktab hududiga 100 tup daraxt ko‘chati ekdi. Bu tashabbus bolalarga o‘zlari ta’lim oladigan muhitni obodonlashtirishda bevosita ishtirok etish imkonini berdi. Shu tariqa tanlovda ilgari surilgan ekologik g‘oya amaliy ish bilan davom etdi.
Jizzaxdagi tadbir ta’lim muassasalari, davlat tashkilotlari va xususiy sektor hamkorligida bolalarning ekologik bilimlarini mustahkamlash mumkinligini ko‘rsatdi. Tanlov tabiatni asrash g‘oyasini bolalarga ijodiy va amaliy yo‘llar bilan yetkazish muhimligini yana bir bor namoyon etdi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA