"Renaissance Hall" da professional boks musobaqasi
Ertaga 16 iyul kuni poytaxtimizdagi "Renaissance Hall" arenasida tashkil etiladigan professional boks musobaqasida bir paytlari Aleksandr Yemelyanenkodek dongdor sportchilar bilan bellashgan taniqli aralash jang sporti ustasi Magomed Ismoilov ham tomoshabin sifatida ishtirok etadi.
Bu haqda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi xabar tarqatdi.
Mazkur boks turnirida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Uning markaziy jangida yurtdoshimiz Baxromjon Fozilov argentinalik Diyego Ramires bilan o‘rta vaznda WBA Asia kamari uchun, Mirzakamol Ne’matov esa namibiyalik sobiq jahon chempioni Julias Indingoga qarshi yarim o‘rta vaznda WBA Asia East kamari uchun bahs olib boradi.
Bugun, 15 iyul kuni mazkur professional boks kechasida ishtirok etadigan sportchilar ishtirokida tarozi, ko‘z urishtirish hamda matbuot anjumani marosimlari o‘tkaziladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA