“Rektor kubogi” g‘olibi aniqlandi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, erkin fikrlash va mantiqiy tahlil qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Munozara” intellektual o‘yini bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yakuniy o‘yinda tarix fakultetining “Turon” hamda maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetining “Ziyo qaldirg‘ochlari” jamoalari dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Xususan, ekologik muammolar, atrof-muhitni muhofaza qilish, plastik va polietilen paketlardan foydalanish madaniyati kabi masalalar diqqat markazida bo‘ldi.

O‘yin davomida jamoalar tasdiq va inkor pozitsiyalarida bahs olib borib, o‘z fikrlarini asosli dalillar, aniq misollar va mantiqiy tahlillar orqali himoya qildi. Ishtirokchilar muammoning dolzarbligini ochib berish bilan birga, uning yechimiga oid taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Final o‘yini yakunida tarix fakultetining “Turon” jamoasi “Munozara” intellektual o‘yini bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqasining g‘olibi deb topildi. Ikkinchi o‘rinni maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetining “Ziyo qaldirg‘ochlari”, uchinchi o‘rinni esa filologiya fakultetining “Filologlar” jamoalari egalladi.

G‘olib va sovrindor jamoalar institut rektorati tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.