Regbichilarimiz ham navbatdagi Olimpiadaga yo‘l olmoqchi
Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari O‘zbekiston regbi federatsiyasining Olimpiya davri uchun rejalari bilan tanishdi.
Rasmiylar o‘rganish ishlari davomida asosan jamoaviy sport turlariga alohida ahamiyat qaratmoqda. Jumladan, terma jamoalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, xorijlik mutaxassislarni jalb etish, seleksiya ishlariga ahamiyat qaratish orqali natijadorlikni oshirish muhim yo‘nalish sifatida belgilab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, mamlakat regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev Toshkent viloyati yoki poytaxtimiz hududida terma jamoa yig‘inlari uchun muqim bazani belgilab olish taklifini ilgari surdi.

Suhbatda federatsiya mutasaddilari regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasining "Los-Anjeles-2028" yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish imkoniyatlarini yuqori baholadi.
Taqdimotda buning uchun tuzib chiqilgan reja haqida batafsil ma’lumot berildi. Uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, terma jamoaning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini ta’minlash, farmakologiya yo‘nalishiga e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida federatsiya mutasaddilarining mavzu yuzasidan fikrlari o‘rganilib, O‘zbekiston delegatsiyasini bo‘lajak Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan Prezident qarori loyihasi uchun takliflar belgilab olindi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA