Regbi-7: “Jar”da kuchlilar aniqlandi
19 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Jar” sport majmuasida regbi-7 bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi.
18-19 sentyabr kunlari o‘tkazilgan nufuzli musobaqa natijasida mamlakatimizda ushbu sport turnirining ommaviyligini ta’minlashga katta hissa qo‘shilishi bilan birga regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining tarkibini mustahkamlash orqali kelgusidagi qit’a va olimpiya o‘yinlari uchun munosib zamin hozirlandi.
Bugun chempionatning saralash, yarim final va final bellashuvlari o‘tkazildi. Unga ko‘ra, Qozog‘iston Qirg‘izston termasini 57:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, vakillarimiz yarim finalda jahon regbi-7 sport turida katta tajribaga ega bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari qizlariga 10:19 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Osiyo chempionatida hamyurtlarimizni dog‘da qoldirgan amirlik sportchilari hech bir raqibiga mag‘lub bo‘lmagan holda Osiyoning yana bir kuchli regbi-7 jamoasiga ega bo‘lgan Hindiston termasi bilan finalda ro‘baro‘ keldi.
Murosasiz va shiddatli kechgan musobaqada ruhiy jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi hindlarni 21:17 hisobida yengib, qit’a chempionligiga sazovor bo‘ldi.
Hindistonlik regbichilar 2-o‘rinni, Qozog‘iston va O‘zbekiston terma jamoasi vakilalari esa 3 va 4-o‘rinni egallashdi.
Chempionat yakunida barcha g‘olib va sovrindor jamoalar, musobaqaning eng kuchli sportchilari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA