Rashad Mammadov: Qardoshlik rishtalari va mushtarak kelajak bizni taraqqiyotga eltadi
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami munosabati bilan Ozarbayjon Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Rashad Eynaddin o‘g‘li Mammadov mamlakatimizning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti, amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari xususida fikr bildirdi.
– Qayd etish kerakki, O‘zbekiston 35 yil ichida davlatchilik an’analarini mustahkamlab, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda salmoqli yutuqlarga erishdi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga yangi sur’at baxsh etdi. O‘lkaning xalqaro nufuzi va mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga muhim hissa qo‘shdi.
Mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, so‘nggi yillarda Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlarining ulkan taraqqiyot yo‘lini alohida ta’kidlash lozim. Xalqlarimizni asrlar davomida shakllangan umumiy tarixiy ildizlar, til va madaniyatning yaqinligi, milliy va ma’naviy qadriyatlar, do‘stlik va birodarlik an’analari birlashtiradi.
Ozarbayjon xalqining umumilliy rahnamosi Haydar Aliyev bilan O‘zbekiston davlati va hukumati rahbarlari o‘rtasida shakllangan o‘zaro ishonch va do‘stlik munosabatlari bugungi Ozarbayjon – O‘zbekiston qardoshligining muhim ramzidir. Ana shu mustahkam poydevorga asoslangan davlatlararo munosabatlarimiz so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Mamlakatlarimiz ikki tomonlama hamda Turkiy Davlatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro platformalar doirasida yaqindan hamkorlik qilib, tomonlarni qiziqtirgan masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, samimiy do‘stlik va siyosiy iroda qardosh davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni jadal rivojlantirishda katta rol o‘ynamoqda.
2024-yilda Toshkentda imzolangan “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma", mamlakatimiz yetakchisi Ilhom Aliyevning 23-24-avgust kunlari O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolagan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi bitim sheriklikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik Ozarbayjon – O‘zbekiston ittifoqchilik munosabatlarining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. O‘zaro savdoning o‘sishi, qo‘shma investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikning kengayishi iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Qorabog‘ning iqtisodiy tiklanishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishida salmoqli o‘rin tutayotgan Ozarbayjon va O‘zbekiston qo‘shma korxonasi bo‘lgan Xankendi tikuvchilik fabrikasi ana shu hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalaridan biridir.
Ikki qardosh o‘lka o‘rtasida transport-logistika hamkorligini rivojlantirish alohida strategik ahamiyatga ega. O‘rta koridorning rivojlanishi mamlakatlarimizning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi iqtisodiy, energetik va raqamli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Trans-Kaspiy yo‘lining kengayishi va logistika infratuzilmasining takomili mintaqaviy integratsiya va o‘zaro savdoning kengayishiga muhim hissa qo‘shmoqda.
Madaniy-gumanitar hamkorlik respublikalarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy va ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlarini bir-biriga bog‘lab turgan umumiy tarixiy o‘tmish, til va madaniyatning yaqinligi, asrlar davomida shakllangan umumiy ma’naviy qadriyatlar qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning mustahkam poydevorini tashkil etadi.
Bu yo‘nalishda o‘zaro madaniyat kunlari alohida ahamiyatga ega. Jumladan, 2023 va 2025-yillarda Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, 2024-yilda esa O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari tashkil etildi. 2024-yilda Xivada “Shusha kunlari”ning o‘tkazilishi, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining Bokuda bo‘lib o‘tgan birinchi Turkologik qurultoyning 100 yilligiga bag‘ishlangan Turk dunyosi haftaligida ishtiroki madaniy aloqalarni yanada kengaytirish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi.
Qardosh yurtning eng qadimiy va nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Milliy Pedagogika universitetining Nizomiy Ganjaviy nomi bilan yuritilishi xalqlarimizning umumiy adabiy va madaniy merosga yuksak hurmatning yorqin ifodasidir. Shuningdek o‘zaro talaba almashinuvi va qo‘shma ta’lim tashabbuslari ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlashda ulkan ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Qorabog‘ni tiklashda yordamga shoshilgan birinchi davlat sifatida o‘zining amaliy faoliyati orqali Ozarbayjon bilan do‘stlik va qardoshligini namoyish etdi. Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning Qorabog‘ni tiklashdagi ko‘magi va ko‘rsatgan birdamligini yuksak baholab, shunday ta’kidlagandi: “Ozarbayjonga Qorabog‘ni tiklashda ilk yordam ko‘rsatgan aynan O‘zbekiston bo‘ldi”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Fuzuliy shahrida bunyod etilgan va Ozarbayjon xalqiga sovg‘a qilingan Mirzo Ulug‘bek nomidagi umumta’lim maktabi ana shu birodarlik va hamjihatlikning yorqin namunasidir.
Ta’lim va yoshlar sohasidagi hamkorlikning davomi o‘laroq, 2027-yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga Ozarbayjon va O‘zbekiston birgalikda mezbonlik qilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sport aloqalari rivojlanib borayotgani va o‘zaro ishonchni namoyish etadi. Ushbu nufuzli musobaqa ikki davlatning sport va sayyohlik salohiyatini xalqaro miqyosda tan olinishiga, yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ishonchim komilki, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik ittifoq bundan buyon ham siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar, investitsiya, transport-logistika, fan va ta’lim sohalaridagi yangi loyiha va tashabbuslar bilan yanada boyib boraveradi.
Ozarbayjon va O‘zbekiston do‘stligi abadiy, strategik ittifoqimiz doimo mustahkam bo‘lsin!
O‘.ALIMOV, O‘zA