Ko‘hna Samarqand shahri dunyo mamlakatlarining yosh parlament a’zolari global konferensiyasiga tayyor
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joriy yil 4-6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Oliy Majlis Senati hamda Parlamentlararo ittifoq hamkorligida Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Anjumanda 183 mamlakat, 15 xalqaro tashkilot vakillari hamda 50 ga yaqin doimiy kuzatuvchidan iborat 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Ayni paytda Samarqandga Parlamentlararo ittifoq vakillari, shuningdek, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Kanada, Turkiya, Germaniya, Irlandiya, Jazoir, Zimbabve, Kot d’Ivuar, Ozarbayjon, Pokiston, Seyshel orollari, Urugvay, Uganda, Namibiya, Shveysariya, Shimoliy Makedoniya, Eron, Bahrayn, Nigeriya, Mavritaniya, Janubiy Afrika, Kambodja kabi davlatlardan parlament delegatsiyalari yetib keldi.

Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson xonim global konferensiya munosabati bilan Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Anda Filip xonim hamda Serbiya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikerining o‘rinbosari Edin Djerlek ham Samarqandga yetib keldi.

Yuqori martabali mehmonlarni Samarqand aeroportida Oliy Majlis Senati a’zolari iliq kutib oldi.
Global konferensiya boshqa ishtirokchilari nufuzli tadbir o‘tkaziladigan manzilga yetib kelishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, global konferensiya Samarqanddagi xalqaro Kongress markazida bo‘lib o‘tadi. Markaz «Buyuk ipak yo‘li» (Silk Road Samarkand) xalqaro turistik markazi hududida joylashgan bo‘lib, atrofida nufuzli Hilton Samarkand Regency va Silk Road by Minyoun mehmonxonalari, shuningdek, «Boqiy shahar» etnografik majmuasi joylashgan.

Mazkur markaz Markaziy Osiyodagi eng yirik va zamonaviy ko‘p tarmoqli tadbirlar o‘tkazish maskanlaridan biri bo‘lib, yuqori darajadagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy anjumanlarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Umumiy maydoni 28 ming kvadrat metrdan ortiq, funksional tadbirlar maydoni esa 18 ming kv. metrni tashkil etadigan markazda 3,5 ming nafargacha mehmonni qabul qilish mumkin. Unda 13 zamonaviy konferens-zal va muzokaralar xonalari mavjud.
Eng katta zali (Grand Hall) maydoni 3,5 ming kv. metr bo‘lib, 3 ming kishini sig‘dira oladi.
Hozirgi paytda Kongress markazida yirik anjumanga yuqori darajadagi tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilgan. Bu yerda ishtirokchilar uchun zarur bo‘lgan barcha qulayliklar yaratilgan.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Samarqand