5 yillik majburiyatdan bir kunda xalos bo‘ldi
Ota-onalik — bir umrga berilgan mas’uliyat. Farzand voyaga yetguniga qadar uning ta’minoti, tarbiyasi, ta’limi va munosib kelajagi uchun qayg‘urish har bir ota-onaning muqaddas burchidir.
Ayniqsa, oilaviy munosabatlar turli sabablarga ko‘ra o‘zgargan taqdirda ham bu mas’uliyat yo‘qolmaydi. Farzandning ehtiyojlari, uning kundalik ta’minoti va kelajagi har qanday shaxsiy kelishmovchiliklardan ustun turishi kerak.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida sodir bo‘lgan bir voqea esa ana shu mas’uliyatning amaliy ifodasi bo‘ldi. Voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lashi belgilangan ota xorijga chiqish huquqiga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish bilan birga, farzandi oldidagi majburiyatini ham oldindan ta’minlash yo‘lini tanladi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaroga sud qarori asosida belgilangan aliment to‘lovlarini oldindan amalga oshirish imkoniyati tushuntirilgan. Shundan so‘ng u ijroni amalga oshirish usuli va tartibini o‘zgartirish masalasida sudga murojaat qilgan. Sud murojaatni ko‘rib chiqib, da’voni qanoatlantirgan va voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun 5 yillik aliment mablag‘ini oldindan undirishni belgilagan. Natijada ota o‘zining bir necha yillik aliment majburiyatini oldindan bajardi. Bu esa nafaqat uning xorijga chiqishi bilan bog‘liq cheklov masalasini hal etishga, balki farzandining kelgusi yillardagi ta’minotini muayyan darajada kafolatlashga xizmat qildi.
Alimentni ba’zan oddiy moliyaviy majburiyat sifatida qabul qilishadi. Aslida esa uning zamirida juda katta hayotiy ma’no bor.
Bola uchun aliment — kundalik ehtiyojlar, kiyim-kechak, oziq-ovqat, ta’lim, tibbiy xizmat va boshqa zarur xarajatlarni qoplashga xizmat qiladigan mablag‘. Demak, aliment o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi farzandning munosib hayot kechirishi uchun muhim omillardan biridir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur holatni faqat “5 yillik aliment oldindan to‘landi”, degan xabar doirasida baholab bo‘lmaydi.
Bu — ota o‘z farzandi oldidagi mas’uliyatini oldindan his qilgani va uning manfaatini ta’minlashga harakat qilgani bilan ahamiyatli. Zero, farzandning ertangi kunini bugundan o‘ylash — ota-onalik mas’uliyatining eng muhim ko‘rinishlaridan biridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri