Raqib emas, sherik: Si Szinpin nima demoqchi?
Zamonaviy dunyoda xalqaro siyosat taqdirini belgilayotgan eng muhim omillardan biri AQSH va Xitoy munosabatidir.
Yer yuzidagi bu ikki qudratli iqtisodiyot, ikki global ta’sir markazi o‘rtasidagi har qanday yaqinlashuv yoki keskinlik nafaqat Amerika va Chin o‘lkalari, balki butun jahon iqtisodiyoti, xavfsizligi va geosiyosiy barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda AQSH Prezidenti Donald Trampning Pekinga tashrifi shunchaki diplomatik uchrashuv emas, balki XXI asr xalqaro munosabatlarining yangi yo‘nalishini belgilashi mumkin bo‘lgan muhim siyosiy voqeadir. “China Daily” nashri shu haqda mulohaza yuritgan.
So‘nggi yillardagi AQSH va Xitoy munosabati savdo urushi, tarif, texnologiya bo‘yicha cheklov natijasida yuzaga kelgan geosiyosiy raqobat bilan xossalanadi. Shunga qaramasdan bu mamlakatlar iqtisodiyoti o‘zaro chambarchas bog‘liqligicha qolmoqda. AQSH bozori Xitoy mahsulotlari uchun hadsiz bozor, XXR iqtisodiyoti esa amerikalik sarmoyadorlar, texnologiya va moliyaviy xizmat uchun bebaho makon hisoblanadi.
E’tiborli jihati shundaki, 2025-yil AQSHning Xitoy bilan savdo taqchilligi keskin qisqardi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ayni ko‘rsatkich 295,5 milliard dollardan 202,1 milliard dollarga tushgan. Bu bir yil ichida qariyb 32 foiz pasayish, demak. Shu bilan birga jami tovar ayirboshlash qiymati 414 milliard dollardan oshgani ham muhim haqiqatni ko‘rsatadi: Vashington va Pekin global iqtisodiy tizimni bir-birisiz tasavvur qila olmaydi.
Bugungi murakkab dunyoda AQSH va Xitoyni faqat raqib sifatida ko‘rish tor siyosiy qarash, chunki zamonaviy xavf-xatar chegara tanlamaydi. Iqlim o‘zgarishi, energetika va kibernetika xavfsizligi, sun’iy intellekt nazorati, pandemiya, moliyaviy inqiroz kabi tahdidlar faqat hamkorlikda hal etiladi.
Rais Si Szinpinning “Xitoy va AQSH raqib emas, sherik bo‘lishi kerak” degan bayonoti shu nuqtai nazardan alohida ahamiyatga ega. Dastlab oddiy diplomatik jumla sifatida qabul qilinadigan bu gap aslida yangi geosiyosiy falsafani anglatadi. Zero, XXI asr yirik davlatlarining ochiqcha to‘qnashuvi butun insoniyat uchun iqtisodiy va gumanitar falokat keltirishi ehtimoli yo‘q emas.
AQSH – Xitoy munosabatidagi har qanday keskinlik xalqaro bozorda beqarorlik, energiya narxi o‘sishi, ta’minot zanjiri buzilishi va geosiyosiy qarama-qarshilikni kuchaytiradi. Shu bois Trampning Pekinga tashrifi yangi muloqot eshigini ochishi mumkin. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, yuqori texnologiya, yashil energetika, elektr avtomobili va sun’iy intellekt sohalaridagi sheriklik har ikki iqtisodiyot uchun beqiyos imkoniyat yaratadi.
Ta’lim va madaniy almashinuv ham o‘zaro munosabatni yumshatuvchi muhim omil bo‘lib qolmoqda. Oxirgi yigirma yil yuz minglab xitoylik talaba Amerika universitetlarida tahsil oldi. Bunday bog‘liqlik nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki xalqlar o‘rtasidagi ishonch va anglashuv muhitini ham kuchaytirdi.
Qolaversa, global bozor ham Vashington va Pekin muloqotini diqqat bilan kuzatmoqda. Zero, investorlar uchun eng katta xavf – noaniqlik. Barqaror munosabat esa iqtisodiy o‘sish, sarmoya va ishonch muhitini kuchaytiradi.
Albatta, bu ikki davlat o‘rtasida barcha masalalar bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishilishi qiyin. Savdo, xavfsizlik va geosiyosiy manfaat bilan bog‘liq ziddiyat saqlanib qolishi ehtimoli kuchli. Binobarin, tarix ko‘rsatadiki, muloqot va diplomatiya har qanday izolyatsiya yoki bosim siyosatidan samarali.
Insoniyat yangi geosiyosiy burilish pallasida turibdi. Hozir AQSH va Xitoy raqobatida kim kuchliligini isbotlash nojoiz. Asosiy masala ikki qudratli kuch sog‘lom raqobatni vayronkor to‘qnashuvga emas, balki boshqariladigan, o‘zaro manfaatli munosabatga aylantira olishida. Agar Vashington va Pekin amaliy hamkorlik yo‘lini tanlasa, bu nafaqat ikki davlat, balki butun dunyo uchun yangi barqarorlik davrini boshlab berishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA