“Green card” egalari ham AQSHdan chiqarib yuboriladimi?
AQSH ichki xavfsizlik vazirligi mamlakat bo‘ylab doimiy yashash huquqiga ega bo‘lgan minglab immigrantlarning hujjatlarini qayta tekshirish uchun maxsus yangi bo‘lim tashkil etdi. “The New York Times” qo‘lga kiritgan ichki ma’lumotga ko‘ra, guruh xulosasi asosida kamida 50 nafar “Green card” egasini deportatsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Hozirgacha ko‘rib chiqilgan ishlar imtiyoz egalari umumiy soniga nisbatan sezilmas darajada. 7-may holatiga ko‘ra, taxminan 2890 kishi tekshirilgan yoki hali o‘rganilyapti. Ularning 80 foizi bo‘yicha “qo‘shimcha choraga ehtiyoj yo‘q” degan xulosa chiqarilgan. 500 dan ortiq Qo‘shma Shtatlar rezidentlik kartasiga ega shaxs esa hanuz nazorat ostida.
Bu jarayon Donald Tramp ma’muriyati tomonidan qonuniy immigrantlar orasida firibgarlik qilgan yoki xavfli hisoblangan shaxslarni aniqlash yo‘lidagi siyosatning dastlabki natijasidir. Yangi bo‘lim tashkil etilishi ma’muriyat qonuniy maqomga ega, ammo shunga munosib bo‘lmagan xorijliklarni aniqlash va ularni mamlakatdan chiqarishga jiddiy kirishganini anglatadi. Natijada ko‘p yildan beri mamlakatda yashayotgan minglab odam maqomi xavfsiz emasligidan xavotir ola boshlagan.
Tramp ma’muriyati bunday tekshiruvni zarur, deb hisoblamoqda. Rasmiylar fikricha, Jo Bayden davrida immigrantlarni tekshirish tizimi yetarlicha qat’iy bo‘lmagan. Shunga qaramay, bu siyosat hukumatda ishlagan, har ikki yetakchi partiyaga mansub ayrim sobiq milliy xavfsizlik amaldorlari tomonidan tanqid qilinyapti. Ya’ni, sarflanayotgan resursga nisbatan natija juda kam. Zero, tekshirilgan “omadli karta” sohiblarining taxminan 2 foizigina deportatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan shaxs sifatida baholangan.
Qo‘shma Shtatlar fuqarolik va imigratsiya xizmati vakili Zach Kaler aytishicha, agentlik Amerika fuqarolarini yaxshiroq himoya qilish va asosiy vazifani samarali bajarish maqsadida mazkur tuzilmaviy o‘zgarish orqali faoliyatini rivojlantirmoqda.
Malikabonu Abduhoshimova, O‘zA