Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi qanday faoliyat yuritadi?
Davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil 19-avgustda imzolangan “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunda nimalar nazarda tutilgan?
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va raqamli iqtisodiyot ulushini oshirish bo‘yicha “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasi hamda qator Prezident va Hukumat qarorlari ijrosi doirasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini keskin oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, dasturiy mahsulotlar va IT xizmatlar eksportini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish hamda investorlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro tan olingan ilg‘or amaliyot va institutlarini joriy qilish maqsadida 2025-yilda “Enterprise Uzbekistan” raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etildi.
Markaz Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq Toshkent shahrida tashkil etildi. Loyihaning bosh maqsadi – 2030-yilgacha mingtagacha xalqaro kompaniyalarni jalb qilish, 300 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish va IT eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazishdir.
Markaz faoliyatini tashkil etish uchun birinchi navbatda normativ-huquqiy va institutsional bazani mustahkamlash vazifasi belgilangan.
Mazkur ustuvor vazifadan kelib chiqqan holda eksport va yalpi ichki mahsulotning o‘sishini rag‘batlantirish, inson kapitalini rivojlantirish maqsadida ushbu yangi qonun qabul qilindi.
– Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining maxsus hudud sifatidagi maqomi qanday?
– Yangi qonunda aynan shu maqom va markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim belgilandi. Maxsus huquqiy rejim o‘rnatilishi, markazning qarorlarini ishlab chiqish, ro‘yxatdan o‘tkazish, amalga kiritish, e’lon qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, ularni bekor qilish, shuningdek ularning amal qilishini to‘xtatib turish hamda tugatish tartibi boshqaruv kengashining qarorlari bilan amalga oshirilishi qonunda mustahkamlandi.
Markaz hududida “Tartibga solish qumdoni” doirasida raqamli texnologiyalar sohasida innovatsiyalar, xizmatlar va mahsulotlar yaratiladi, sinovdan o‘tkaziladi hamda joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar sohasiga investitsiyalarni jalb etish va mazkur sohada eksport faoliyati bilan shug‘ullanishni rag‘batlantirishga qaratilgan tadbirkorlik faoliyati amalga oshiriladi.
Konstitutsiyaviy qonun bilan maxsus huquqiy rejim 2100-yilgacha amal qilinishi belgilab qo‘yildi. Bu esa xorijiy investorlarning 40-50 yillik reja asosida yurtimizga katta miqdordagi investitsiyalarni xavotirsiz kiritishi uchun zamin yaratadi.
Maxsus huquqiy rejim boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat turlariga nisbatan tatbiq etilishi mustahkamlandi.
– Mazkur konstitutsiyaviy qonun Senat yalpi majlisida nima uchun ikki marta ko‘rildi, ya’ni avval nega rad etilgan edi?
– Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan edi. Biroq, Senat tomonidan qonun chuqur tahlil qilinib, undagi ayrim normalarni amaldagi qonunchilik hamda Davlat rahbari tomonidan imzolangan “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi qonunga moslashtirish nuqtai nazaridan yanada takomillashtirish zarurligi qayd etilib, 17-yalpi majlisda rad etildi hamda yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida parlament palatalarining tegishli kelishuv komissiyasi tuzildi.
Kelishuv komissiyasi tomonidan Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi xulosasida bildirilgan barcha taklif va e’tirozlar atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamalarda deputat va senatorlar, Hukumat vakillari hamda mutasaddi vazirlik va idoralar ishtirok etib, qonunning har bir normasi qayta ko‘rib chiqildi. Natijada qonun xalqaro tajriba, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti talablaridan kelib chiqib, yanada takomillashtirildi hamda maromiga yetkazilgan tahrirda ishlab chiqildi.
Xususan, konstitutsiyaviy qonunning maqsadi va qo‘llanilish sohasi fuqarolik, korporativ va tijorat huquqiga oid munosabatlar, shuningdek, fuqarolik va iqtisodiy protsessual munosabatlar bilan to‘ldirildi. Senatning 18-yalpi majlisida esa qonun ma’qullandi.
– Markazda qo‘llaniladigan huquq ustuvorligi tartibi qanday?
– Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, markazni tashkil etish, faollashtirish, uning chegaralarini o‘zgartirish, strategik boshqaruv, asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash tartibi belgilandi. Bu Prezidentimizning farmonlari va qarorlariga asosan amalga oshiriladi.
Zarur hollarda Konstitutsiyaga, ushbu konstitutsiyaviy qonunga va markazning qarorlariga zid bo‘lmagan taqdirda, Angliya va Uelsning umumiy huquqi hamda adolat prinsiplari va qoidalariga rioya qilinishi haqidagi norma ham qonundan o‘rin olgan.
Markaz hududida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlari va qanday qonunchilik hujjatlari qo‘llanilishi aniqlashtirildi.
Markaz hududida uning o‘z yurisdiksiyasi doirasida qabul qilgan qarorlari ushbu qarorlarga zid bo‘lgan har qanday normativ-huquqiy hujjatlardan ustun turishi mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu konstitutsiyaviy qonun va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar mustasno ekanligi belgilandi.
Kelishuv komissiyasi tomonidan markaz sub’ektlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga doir talablardan tashqari markazning qarorlari bilan qo‘shimcha yoki kengaytirilgan talablar belgilash imkoniyati yaratildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari belgilandi. Bunday harakatlar yuzasidan birinchi navbatda iqtisodiy, fuqarolik-huquqiy va tartibga solish choralari qo‘llanilishi, materiallar ma’muriy ish qo‘zg‘atish uchun vakolatli organlarga yuborilmasligi, harakatlar ro‘yxati va choralar boshqaruv kengashi qarorlari bilan belgilanishi qonunda aks etdi.
Mazkur me’yor xalqaro moliyaviy markazlar (AIFC, DIFC kabi) amaliyotiga moslik, investorlar uchun prognozli huquqiy muhit, ma’muriy bosimning kamayishini ta’minlaydi.
– Markaz hududida jinoiy yurisdiksiyani amalga oshirish tartibi qanday bo‘ladi?
– Bunday holatlar birinchi navbatda markaz yurisdiksiyasi doirasida hal etilishi, shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar yurisdiksiyasini cheklovchi norma sifatida talqin etilmasligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, konstitutsiyaviy qonun markaz ishtirokchilari sonining ko‘payishi hisobiga IT sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi oshishiga, raqamli sektorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining o‘sishiga, raqamli texnologiyalar sohasida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, IT xizmatlari eksport hajmining oshishiga, O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar sohasida mintaqaviy yetakchi sifatidagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu konstitutsiyaviy qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach, ya’ni 2027-yil 21-yanvarda kuchga kiradi.
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi.