Raqamli dunyoda xotin-qizlar o‘z o‘rnini qanday topayapti?
Bugun poytaxtimizda axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi hamda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan “Raqamli dunyoda xotin-qizlar ishtiroki va AT sohasidagi imkoniyatlar” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga xalqaro ta’lim grantlari, nufuzli stipendiyalar hamda “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotiga ariza topshirish jarayonlarining amaliy jihatlari va g‘oliblik formulalari atroflicha tushuntirildi.
Mazkur tashabbus mamlakatimizda AT sohasida xotin-qizlarning ulushini oshirish, ularning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish va texnologik startaplar va ilmiy izlanishlardagi ulushini oshirish hamda xalqaro miqyosda O‘zbekiston AT salohiyatini namoyish etishga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi olti yil davomida AKT yo‘nalishida tahsil olayotgan xotin-qizlar soni 5 baravarga oshdi. Natijada, sohadagi talabalar umumiy tarkibida xotin-qizlar ulushi 23 foizga yetdi. Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida ayollar qamrovi esa 40 foizni tashkil etmoqda.
Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova bugungi kunda xotin-qizlarning AT sohasidagi roli nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy barqarorlikning ham muhim omiliga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Inklyuziv loyihalarni va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Akbarov xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi “Sabriya” loyihasining taqdimotini o‘tkazib, uning maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi.
Seminarning ikkinchi qismi to‘liq xalqaro va respublika miqyosidagi imkoniyatlar tahliliga bag‘ishlandi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari xorijiy ta’lim grantlarining eng so‘nggi talablari bilan o‘rtoqlashgan bo‘lsa, jamg‘arma stipendiyasi sohibasi, Buyuk Britaniyaning nufuzli Riding universitet bitiruvchisi Janonaxon Berdiyeva xorijda o‘qish, hujjat topshirish va shaxsiy rivojlanish yo‘li haqida ma’ruza qildi.
“Zulfiya” mukofotining 2026-yilgi eng yosh sovrindorlaridan biri, “Yangi O‘zbekiston” universiteti talabasi Sevinch Mavlonova axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirishda nimalarga e’tibor berish lozimligi va o‘zining muvaffaqiyat formulasi bilan o‘rtoqlashdi.
[gallery-29929]
Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun interaktiv sessiya tashkil etildi. Unda faol ishtirok etgan xotin-qizlar tashkilotchilar tomonidan maxsus esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Rahmonova, A.Alijonov(surat), O‘zA