Raqamli davlatni rivojlantirishning yangi bosqichi muhokama qilindi
Biror xizmat uchun idorama-idora yurish, bir hujjatni bir necha marta taqdim etish yoki davlat organidan javob kutib vaqt o‘tkazish — bular asta-sekin ortda qolayotgan jarayonlar. Endi savol boshqacha qo‘yilmoqda: fuqaro davlat xizmatini izlab yuradimi yoki xizmatning o‘zi fuqaroni topadimi?
“ICT WEEK “O‘zbekiston — 2026” doirasidagi amaliy sessiyada aynan shu masalaga e’tibor qaratildi. “Raqamli davlat: yagona yondashuv, zamonaviy boshqaruv va fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar” mavzusidagi muloqotda davlat boshqaruvini raqamli muhitga o‘tkazishning navbatdagi bosqichi muhokama qilindi.
Gap faqat xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish haqida emas. Idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, fuqarodan ortiqcha ma’lumot so‘ramaslik, xizmatlarni uning ehtiyojiga qarab taklif qilish — raqamli davlat oldida turgan asosiy vazifalardan.
Bu jarayonda sun’iy intellektga ham alohida o‘rin berilmoqda. Sessiyada fuqaroning davlat bilan muloqotida yagona raqamli yordamchi bo‘lishi ko‘zda tutilgan “AI Government Assistant” tizimi taqdim etildi. Tizim my.gov.uz platformasi orqali xizmat va ma’lumotlarni topishda fuqaroga ko‘mak berishi nazarda tutilgan.
Ya’ni, maqsad oddiy: fuqaro xizmat olish uchun qancha kam harakat qilsa, davlat tizimi shuncha samarali ishlayapti, degan yondashuvni qaror toptirish.
Sessiyada, shu bilan birga kiberxavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, raqamli identifikatsiya, transport va tog‘-metallurgiya sohalarida sun’iy intellektdan foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida raqamli davlatni shakllantirishda faol ishtirok etayotgan tashkilotlar ham taqdirlandi. Elektron ishtirok, raqamli audit, ijtimoiy himoya, transport, sog‘liqni saqlash, soliq va bojxona yo‘nalishlarida eng faol tashkilotlar e’tirof etildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA