Ta’limda yangi zamonaviy yondashuvlar
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruhi Namangan shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida bo‘lib, yangi kutubxona, “AI Psixolog” platformasi hamda ta’limni rivojlantirishga qaratilgan bir qator zamonaviy loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Viloyat markazidagi Obi hayot mahallasi hududida joylashgan ilm maskanida olib borilgan o‘rganish davomida hokim faol, iqtidorli, zukko o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashib, ularning erishgan yutuqlari, qiziqishlari va kelgusidagi maqsadlari bilan qiziqdi.

Maktabda homiylik asosida qariyb 7 ming nomdagi badiiy adabiyotlar jamlangan ko‘rkam kutubxona tashkil etilib, foydalanishga topshirilgan. Ushbu ziyo maskani o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, mutolaaga qiziqishini oshirishi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanilgan “AI Psixolog” platformasi taqdimoti o‘tkazildi.

– Yangi tizim o‘quvchilarning ruhiy-emotsional holatini kuzatib, tushkunlik, xavotir, ijtimoiy yopiqlik va o‘qishga qiziqish pasayishi kabi holatlarni erta aniqlashga yordam beradi, – deydi maktab direktori Sherzodbek Sodiqov. – Muammo belgilari kuzatilganda, ma’lumot maktab psixologiga yetkazilib, o‘quvchi bilan o‘z vaqtida tegishli ishlarni olib borish imkoni yaratiladi.
Taqdimotlar davomida, shuningdek, Namangan shahrida joriy etilayotgan “O‘quvchilarning shaxsiy taraqqiyot xaritasi”, “34 hafta – 34 kitob” loyihasi hamda 9-11-sinf o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish xaritasi haqida ma’lumot berildi. Ushbu loyihalar o‘quvchilarning shaxsiy rivoji, kitobxonlik madaniyati, ta’limga qiziqishi va kelajak kasbini to‘g‘ri tanlashiga ko‘maklashishga qaratilgan.

Ta’lim tizimiga joriy etilayotgan bunday innovatsion yondashuvlardan ko‘zlangan maqsad – har bir o‘quvchining imkoniyat va ehtiyojlarini aniqlab, ularning ta’limi, tarbiyasi, shaxsiy rivoji va kelajakdagi kasbiy yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.