Rahbar va yoshlar uchrashuvi
Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida rahbar va Yoshlar parlamenti vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida yoshlarning tashqi siyosat, mintaqaviy hamkorlik va integratsiya jarayonidagi o‘rni muhokama qilindi.
Anjumanda institut direktori Javlon Vahobov va mamlakatimizning eng faol yoshlari hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi. Xususan, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yosh mutaxassislarni ilmiy-tahliliy va ekspertlik faoliyatiga keng jalb etish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish mavzulariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida yoshlar parlamentini qiziqtirayotgan dolzarb masalalar ko‘tarilib, mavjud muammolar yechimi bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqish diqqat markaziga chiqdi. Shuningdek, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlarning tashqi siyosatdagi ishtiroki hamda mintaqamizda integratsiya jarayonini rivojlantirishdagi o‘rni xususida fikr bildirildi.
– Yoshlarda paydo bo‘layotgan yangi fikr va yondashuvlar tahliliy materiallarga aylanib, davlat rahbarlari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarni yangi bosqichga olib chiqishga hissa qo‘shadi, — deydi MOXI yetakchi ilmiy xodimi, Olmazor tumani xalq deputatlari kengashi deputati Samandar Ismoilov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan siyosat Markaziy Osiyoning dunyodagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan. Ayni jarayonda yoshlar bildirayotgan takliflar iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida MOXI va Yoshlar parlamenti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hujjat yoshlarni ilmiy-tahliliy faoliyatga jalb etish, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy ongini oshirish, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi bo‘yicha yangi taklif, tavsiyalar ishlab chiqishini nazarda tutadi.
[gallery-30223]
Dilshod Hakimov,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA