O‘zbekistonda zaytun plantatsiyalari maydoni kengaytiriladi
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmini oshirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida agrar sohada hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Global Olive Corporation o‘rtasida mamlakatimizda zaytunchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjatga muvofiq, 2030-yilgacha O‘zbekistondagi zaytun plantatsiyalari maydonini 2 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, zaytunni qayta ishlash va zaytun moyi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxona tashkil etish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy qilish hamda sohaga investitsiyalarni jalb etish ko‘zda tutilgan, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Ma’lumotda qayd etilishicha, bugungi kunda ushbu yo‘nalishda tajriba-sinov ishlari boshlangan bo‘lib, dastlabki amaliy loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, sohaga zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish hamda mamlakatimizda zaytunchilikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA