“Rahbar kubogi” musobaqasida shahar energetiklari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali rahbariyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan tizim xodimlari o‘rtasida sportning mini-futbol turi bo‘yicha an’anaviy “Rahbar kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Ushbu sport tadbirida viloyatning turli shahar va tumanlaridan jami 18 ta jamoa ishtirok etib, maydonda o‘zaro keskin va qizg‘in bahslar olib bordi. Musobaqa davomida jamoalar nafaqat mahorat, balki birdamlik va jamoaviy harakatni ham namoyish etishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Guliston shahar elektr ta’minoti jamoasi barqaror o‘yin va yuksak tayyorgarlik evaziga birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, musobaqa g‘olibiga aylandi. Ikkinchi o‘rin Boyovut tuman elektr ta’minoti jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, kuchli uchlikni Axborot texnologiyalari bo‘limi jamoasi yakunladi.

G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Ularga esdalik sovg‘alari bilan bir qatorda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” loyihasi doirasida bepul sayohat yo‘llanmalari ham topshirildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur musobaqa tizim xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoaviylikni mustahkamlash, shuningdek, do‘stona va hamjihat muhitni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Rahbar kubogi” kabi sport tadbirlari kelgusida ham davom ettirilib, tizimdagi xodimlarning faolligi va jamoaviy ruhini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri