Quyosh va shamol energetikasi quvvatlari 5,5 gigavattdan oshdi (+video)
Bugungi kunda energetika sohasi mamlakatimiz uchun strategik yo‘nalishga aylanib, ushbu tizimda keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sohaga xususiy investitsiyalar uchun keng yo‘l ochildi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etildi hamda shaffof investitsiya muhiti shakllantirildi.
Natijada so‘nggi yillarda energetika sohasiga qariyb 35 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilindi. 9 gigavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi. Umumiy generatsiya quvvati 25,8 gigavattga yetdi, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 60 milliarddan 85 milliard kilovatt soatga oshdi.
Shu bilan birga, “yashil” energetika ham jadal rivojlanmoqda. Quyosh va shamol energetikasi quvvatlari 5,5 gigavattdan oshdi, toza energiya ulushi 30 foizga yetdi. Aholi va biznes ob’ektlarida 2 gigavattdan ortiq quyosh panellari o‘rnatildi.
Joriy yilning 12-14-may kunlari poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilgan O‘zbekiston energetika haftaligida ham aynan shu masalalar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar sohadagi dolzarb masalalar, jumladan, energetika xavfsizligini ta’minlash, resurslardan samarali foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hamda ekologik barqarorlikni kuchaytirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Forum va muloqotlar davomida energetika sohasini yanada modernizatsiya qilish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish, innovatsion texnologiyalar asosida tarmoq samaradorligini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida qayd etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Woqc5ECraTQ" title="Quyosh va shamol energetikasi quvvatlari 5,5 gigavattdan oshdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Yoqub Meliboyev, Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj),O‘zA