45 yoshdan keyingi hayot formulasi
Bugun Samarqandda “Hayot formulasi 45+: sog‘liq, donolik, go‘zallik” nomli ikkinchi ayollar forumi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Samarqand viloyat filiali, O‘zbekiston akusher-ginekologlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston perinatal tibbiyot mutaxassislari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan forumda mamlakatimiz tibbiyotchilari bilan birga Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan soha vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etmoqda.
Forum doirasida dastlab “Menopauza davrida ayollar muammolari – fanlararo yondashuv” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Anjumanda sog‘liqni saqlash vazirligi bosh akusher-ginekologi Lola Abdullayeva, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebo Saidova, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Natalya Nodirxonova ilmiy-amaliy konferensiya mavzusi bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekanligini ta’kidlab, ayollar salomatligini mustahkamlash, ularning sog‘lom hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan omillar haqida so‘z yuritdi.
[gallery-29404]
Tadbirda ginekologiya, endokrinologiya, kardiologiya, psixologiya va boshqa tibbiyot sohalari mutaxassislari menopauza davrida ayollarning sog‘lig‘i va hayot sifatini saqlash bilan bog‘liq dolzarb masalalar mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Ishtirokchilar menopauza bilan bog‘liq kasalliklarni tashxislash, oldini olish va davolashning zamonaviy yondashuvlari, shuningdek, mutaxassislar o‘rtasidagi multidissiplinar hamkorlik masalalarini atroflicha muhokama qildi.
– 45 yoshdan so‘ng ayollarda turli fiziologik o‘zgarishlar sezilib, bu jarayonlar ularning sog‘ligiga ta’sir ko‘rsatadi, – deydi Respublika ixtisoslashgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi vakili, tibbiyot fanlari doktori Sevara Irgasheva. – Xususan, yurak-qon, asab tizimi, endokrin xastaliklar ularga xavf solish ehtimoli yuqori. Odatda bu yoshdan keyin juda ko‘p ayollar faol hayotdan chekinib, xotirjamlikka beriladi. Vaholanki, aynan shu yoshdan ayollar doimiy jismoniy mashqlar, qiziqarli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanib turishi zarur.
Forumda yetakchi olimlar tomonidan ayollarda gormonal o‘zgarishlarning o‘ziga xos xususiyatlari, yurak-qon tomir kasalliklarining profilaktikasi, suyak tizimi salomatligi va osteoporozning oldini olish, ayollarning psixoemotsional holati kabi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar o‘qildi. Bu borada dunyoda erishilayotgan ilmiy natijalar va yangiliklar xususida fikr almashildi.
Shuningdek, panel muhokamalar, mahorat darslari va mutaxassislar o‘rtasidagi amaliy tajriba almashinuvlari tashkil etildi.
– Forumda mamlakatimiz hamda xorijlik mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashayotgani muhim ahamiyatga ega, – deydi Respublika ixtisoslashgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filiali rahbari Lola Hamroyeva. – Ularning ma’ruzalari, ilmiy o‘rganishlari natijalari har bir mutaxassis uchun bilimlarini yanada boyitish imkonini beradi. Chunki ayolning sog‘lom bo‘lishi bugun faqat bitta omilga emas, bir nechta faktorlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bu masalada yetakchi tibbiyot muassasalarining tavsiyalari, qarashlarini o‘rgangan holda umumiy xulosalarni jamlash va amaliyotga tatbiq etishni maqsad qilganmiz.
Bugun Samarqandda tug‘ruqqa ko‘maklashuvchi 20 ga yaqin tibbiyot muassasasi, 15 ta tug‘ruq kompleksi, 4 ta perinatal markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Aytish kerakki, ayollarning sog‘lom farzand dunyoga keltirishi ularning sog‘lom turmush tarziga nechog‘lik rioya qilayotganiga bevosita bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bu masalada akusher-ginekologlarning doimiy tavsiyalari, ular bilan to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishlari ham muhim omillardan biridir.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari