Quyosh panellari suv va daromad keltiryapti
Farg‘ona tumanidagi “Jaloliddin G‘oipov” naslchilik fermer xo‘jaligi o‘zining chorvachilik yer maydonidagi tik sug‘orish qudug‘ini elektr bilan ta’minlash uchun quyosh panellarini o‘rnatdi.
Fransiya taraqqiyot agentligi kredit liniyasidan fermerga 51 kVtli quyosh panellarini o‘rnatish uchun 300 mln.so‘m kredit Hamkorbank orqali ajratildi. Fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyorjon Usmonovning aytishicha, tik quduq-drenaj ishlashi uchun soatiga 37 kVt quvvat zarur ekan. Quyosh panellari esa 51 kVt soat elektr ishlab chiqaradi. Shunday qilib, quyoshli kunlarda o‘zining ehtiyojidan tashqari har kuni 80-100 kVT elektr energiyasi sotish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Agar buni pulga hisoblansa, kuniga davlatga 70-80 ming so‘m, bir oyda 2 mln.so‘mdan ko‘proq elektr energiyasi sotadi.

– Fermer xo‘jaligimiz chorvachilikka ixtisoslashgani uchun 65 gektar yerga makkajo‘xori, arpa, bug‘doy, beda ekkanmiz, – deydi “Jaloliddin G‘oipov” nomli fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyorjon Usmonov. – Yerlarimiz qir-adirda, shuning uchun suv tanqisligi bo‘lar edi. Endi tik quduqni quyosh panellaridan olingan energiya hisobiga uzluksiz ishlatish imkoni paydo bo‘ldi. Qolaversa, qo‘shimcha daromad ham olyapmiz.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA