Quyosh panellari o‘rnatgan fuqarolarga avgust oyi uchun 105,4 milliard so‘m subsidiya ajratiladi
Bu haqda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi. Unda ta’kidlanishicha, joriy yilning avgust oyida 61 ming 548 nafar jismoniy shaxs "Quyoshli xonadon" dasturidan foydalanib, elektr tarmoqlariga uzatgan quyosh energiyasi uchun davlat byudjetidan 105 milliard 400 million so‘m miqdorida subsidiya oladi. Ushbu mablag‘ 105 million 400 ming 899 kVt/soat elektr energiyasi uchun ajratiladi.
Subsidiyaning eng katta qismi Buxoro viloyatiga 18,9 milliard so‘m, Xorazm viloyatiga 18,3 milliard so‘m hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 12,4 milliard so‘m to‘g‘ri kelmoqda.
Fuqarolar subsidiya mablag‘larini "Soliq" mobil ilovasining "Keshbek va imtiyozlar" xizmatidagi "Quyoshli xonadon" bo‘limi orqali bank kartasiga o‘tkazib olishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, 2023-yil 1-apreldan "Quyoshli xonadon" dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt/soati uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA