Shogird kamolida davom etgan umr
1-oktabr – Ustoz va murabbiylar kuni
Inson hayotida ayrim kasb egalari bo‘ladiki, ularning mehnati natijasini raqamlar yoki yillar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Chunki ular inson hayotining eng nozik, eng muhim davrida – bolalikdan boshlab uning qalbi va tafakkuriga yo‘l ochadi. O‘qituvchilik ana shunday ulug‘ va mas’uliyatli kasblardan biridir.
Sojida Eshpo‘latova ana shu sharafli kasbga umrining 25 yilini bag‘ishlagan ustozlardan.
Uning bugungi ustozlik yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, yillar davomida o‘z kasbiga bo‘lgan mehri va sadoqati tobora mustahkamlanib borganini ko‘ramiz.
Sojida Eshpo‘latova Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi 15-maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Uning faoliyati bolaning qo‘liga ilk bor qalam tutqazishdan boshlanadi. Bir qarashda oddiydek tuyulgan bu jarayon aslida katta mehnat va sabrni talab qiladi.

Chunki bolaga harf o‘rgatishning o‘zi kifoya emas. Unga o‘qish va yozish bilan birga, tinglash, fikrlash, savol berish, o‘z fikrini ifoda etish, kitobni sevish, atrofidagi insonlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish kabi fazilatlarni ham singdirish kerak.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining mehnati shu jihati bilan o‘ziga xos. U bolaning maktabdagi ilk qadamlariga hamroh bo‘ladi. Ba’zan qo‘lidan ushlab harf yozishni o‘rgatadi, ba’zan birinchi marta mustaqil o‘qib bergan so‘zidan quvonadi, ba’zan esa kichik bir muvaffaqiyatini katta yutuqdek qabul qilib, bolaga yanada ishonch bag‘ishlaydi.
Sojida Eshpo‘latova uchun ana shu kichik quvonchlar yillar davomida katta baxtga aylangan.
Ustozning shogirdlari turli fan olimpiadalarida ishtirok etib, munosib o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ayrim o‘quvchilari yuqori natijalarga erishib, milliy sertifikatlarga sazovor bo‘lgani ham mehnatning samarasi, albatta.
Biroq Sojida ustoz uchun eng katta mukofotni diplom yoki sertifikatda emas, shogirdlarining kamolida ko‘radi.
– O‘quvchimning biror yutug‘ini eshitsam, o‘zim erishgan yutuqdek quvonaman. Chunki ustoz uchun shogirdining muvaffaqiyatidan ortiq baxt bo‘lmasa kerak, – deydi u.
Bu gaplarda 25 yillik mehnatning mazmuni mujassam. Zero, o‘qituvchi o‘z shogirdi uchun qancha mehnat qilganini emas, shogirdi hayotda qanday inson bo‘lib shakllanganini ko‘proq o‘ylaydi.
Sojidaning o‘zida ham ustozlik kasbiga mehr bolalikdan shakllangan. Uning ilk ustozi Sharofat Bozorova unda o‘qituvchilik kasbiga qiziqish uyg‘otgan. Bugun uning har bir shogirdiga mehr bilan yondashishida, kasbiga mas’uliyat bilan qarashida ana shu ilk ustozning saboqlari ham mujassam.
Sojida Eshpo‘latova pedagogika kasbini nafaqat mas’uliyat, balki sharaf deb biladi. Uning fikricha, bola bilan ishlash uchun avvalo uning qalbiga yo‘l topish kerak. Buning uchun esa bilimning o‘zi kamlik qiladi – sabr, mehr, e’tibor va samimiyat ham zarur.

Bugun 15-maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar ham bu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan, yorug‘ va shinam sinf xonalarida bolalarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur imkoniyatlar yaratilgan. Bunday sharoitlar o‘qituvchilarning samarali ishlashi, o‘quvchilarning esa bilim olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilshod Musayevning ta’kidlashicha, Sojida Eshpo‘latova maktab jamoasida o‘zining mas’uliyatli mehnati, shogirdlariga e’tibori va kasbiga sadoqati bilan hurmat qozongan ustozlardan.
– Sojida Eshpo‘latova ko‘p yillik tajribasini bugungi ta’lim talablari bilan uyg‘unlashtirib kelayotgan fidoyi pedagoglarimizdan. Uning shogirdlari qo‘lga kiritayotgan natijalar zamirida ustozning kundalik mehnati, izlanishi va bolalarga bo‘lgan mehri bor, – deydi Dilshod Musayev.

Darhaqiqat, o‘qituvchining mehnati har kuni ko‘zga tashlanavermaydi. Uning natijasi yillar o‘tib namoyon bo‘ladi. Bugun birinchi sinfda qo‘liga qalam tutgan bola ertaga katta maqsadlar bilan hayotga qadam qo‘yadi. Uning qaysi kasbni tanlashi, qanday inson bo‘lib shakllanishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi yo‘lida esa ilk ustozining hissasi beqiyos.
Sojida Eshpo‘latova 25 yillik faoliyati davomida ana shunday avlodlarga saboq berib kelmoqda. Uning mehnati samarasi esa bugun turli sohalarda o‘z o‘rnini topayotgan, bilim va salohiyati bilan yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan shogirdlari misolida namoyon bo‘lmoqda.
Ustoz uchun eng katta yutuq – shogirdining yutug‘i. Eng katta baxt esa uning kamolini, hayotda o‘z o‘rnini topganini ko‘rish. Zero, ustozning umri shogirdlarining taqdirida davom etadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA