“Quvnoq startlar”: Eng quvnoq”, “Eng chaqqon” va “Eng epchil”lar aniqlandi
Jizzax viloyati Zarbdor tumanida umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida an’anaviy “Quvnoq startlar” sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bu Prezidentimiz rahbarligida “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish, xotin-qizlarimizni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ayniqsa, o‘quvchi-yoshlarni sportga keng jalb etish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullantirish samaradorligini yanada oshirish maqsadida tashkil etildi.

“Quvnoq startlar” sport musobaqasini o‘tkazishdan maqsad, joriy yilning “Eng quvnoq”, “Eng chaqqon”, “Eng epchil” o‘quvchilar jamoasini aniqlash, o‘quvchilarning yozgi dam olish kunlaridagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ular orasidan iqtidorlilarini aniqlab olish va munosib taqdirlashdan iboratdir.
Shuningdek, ushbu musobaqalar orqali o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, do‘stlik aloqalarini kuchaytirish, jamoa bo‘lib harakatlanish, ishonch hislarini oshirish ham maqsad qilingan.

Musobaqada maydon egalari – Zarbdor tumanining 9-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilar jamoasi 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Mazkur musobaqaning avvalgilaridan farqi shundaki, ushbu bellashuvda shogirdlaridan tashqari, “Quvnoq startlar” sport musobaqasi ularning ustozlari – o‘qituvchilar terma jamoalari o‘rtasida ham o‘tkazilganidir.

Ustozlar o‘rtasidagi bahsda o‘qutuvchilardan tashkil topgan Zarbdor tumani terma jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Endi zarbdorlik o‘qituvchilar ham o‘z shogirdlari qatori “Quvnoq startlar” musobaqasining final bosqichida Jizzax viloyati sharafini himoya qiladi.
O‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar taqdirlandi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA