“Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, yoshlar va aholi o‘rtasida ommaviy sport harakatini kuchaytirish maqsadida “Men g‘olib” shiori ostida ommaviy yugurish musobaqasi tashkil etildi.
Tonggi musaffo havo va sport ruhida boshlangan tadbir Istirohat bog‘i hududidan start oldi. Musobaqada huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari, professional sportchilar hamda yugurishni hayot tarziga aylantirgan havaskor yoshlar bir safda ishtirok etishdi.


Tadbir ochilishida so‘z olgan tashkilotchilar sport nafaqat jismoniy faollik, balki insonda iroda, intizom va maqsad sari intiluvchanlikni shakllantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar. Shuningdek, bunday ommaviy yugurishlar yoshlarni zararli odatlardan yiroqlashtirib, sog‘lom hayotga chorlashi alohida qayd etildi.

Musobaqa davomida ishtirokchilar o‘rtasida keskin raqobat kuzatildi. Biroq ko‘pchilik uchun bu tadbir faqat natija uchun emas, balki o‘z-o‘zini sinash, chidam va sabrni mustahkamlash imkoniyati bo‘ldi. Maydon bo‘ylab yugurgan har bir ishtirokchi o‘z imkoniyati va irodasini sinovdan o‘tkazdi.

– Men uchun bu musobaqa g‘alaba uchun emas, o‘zimni yengish uchun edi. Har qadamim menga ishonch berdi, – deydi Mohira Xudoyqulova, Guliston davlat universiteti talabasi.

– Bunday tadbirlar bizga kuch va motivatsiya beradi. Sport orqali sog‘lom hayotga yanada yaqinlashyapmiz, – deydi mehnat faxriysi Sabohat Jo‘rayeva.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan va yuqori natijalar ko‘rsatgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan medallar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri